Rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktor Lazizbek Xudayev boshchiligidagi IT Park Uzbekistan vakillari BRB TECH kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida tomonlar kompaniyaning xalqaro faoliyatini kengaytirish istiqbollari hamda eksportni qo‘llab-quvvatlash dasturlaridagi ishtirokini muhokama qildi.
BRB TECH — sun’iy intellekt asosidagi raqamli yechimlar va innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqish hamda joriy etish bilan shug‘ullanuvchi texnologik kompaniya. Kompaniya xalqaro bozorlarga yo‘naltirilgan texnologik loyihalarni yaratish ustida ishlamoqda va o‘zining ilmiy-tadqiqot hamda ishlanmalar yo‘nalishlarini rivojlantirmoqda.

Uchrashuv davomida kompaniya xalqaro bozorlarga chiqishga tayyorlanayotgan loyihalari haqida ma’lumot berdi. Ta’kidlanishicha, BRB TECH allaqachon eksport bozorlariga chiqishni rejalashtirmoqda. Bu, jumladan, Yaqin Sharq mamlakatlari — Birlashgan Arab Amirliklari va Ummonni o‘z ichiga oladi.
Bundan tashqari, kompaniya IT Park Uzbekistan bilan hamkorlikda xorijiy biznes safarlari va xalqaro tadbirlarda ishtirok etib, hamkorlikni rivojlantirish va yangi hamkorlarni topishga yo‘naltirilgan faoliyat olib bormoqda.

Uchrashuvda, shuningdek, R&D — ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik faoliyatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Kompaniya bozorni o‘rganish, foydalanuvchilar ehtiyojlarini tahlil qilish, shuningdek, yangi raqamli mahsulotlarni yaratish va rivojlantirish, jumladan, sun’iy intellekt texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida so‘zlab berdi.
Shuningdek, kompaniya IT Park Uzbekistan tomonidan amalga oshirilayotgan Go-to-Market dasturida ishtirok etishga qiziqish bildirdi. Ushbu dastur IT-kompaniyalarga xorijiy bozorlarga chiqishda yordam beradi va turli tadbirlar, vebinarlar hamda konsultatsiyalarni o‘z ichiga oladi. Ishtirokchilar xalqaro bozorlarga chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar oladi, turli mamlakatlar ekotizimlari, investitsion muhit va mahsulotlarni kengaytirish imkoniyatlari bilan tanishadi.
IT Park Uzbekistan tomonidan yaratilgan qulay sharoitlar rezidentlarning nafaqat ichki bozorda rivojlanishiga, balki eksport bozorlariga chiqishini rag‘batlantirishga, xalqaro aloqalarni mustahkamlashga va o‘zbek IT-kompaniyalarini global darajada ilgari surishga xizmat qilmoqda.
2026-03-17