2026-yil 10-sentabr kuni Seul shahrida IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Radjabov boshchiligidagi delegatsiya Janubiy Koreyaning FutureNuri kompaniyasi CEOsi Jeong Ho Choo bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida tomonlar FutureNuri’ning O‘zbekiston bozoriga chiqish va Markaziy Osiyodagi faoliyatini yanada rivojlantirish rejalarini muhokama qildi. Xususan, O‘zbekistonda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish va ofis ochish, IT Park ishtirokchisi maqomini olish, mahalliy mutaxassislarni jalb etish, ofis infratuzilmasini tashkil etish hamda xalqaro texnologik kompaniyalar uchun mavjud qo‘llab-quvvatlash choralari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan va FutureNuri o‘zaro anglashuv memorandumini (MoU) imzoladi. Hujjat tomonlar o‘rtasidagi keyingi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab, EdTech, raqamli kutubxonalar, sun’iy intellektga asoslangan yechimlar va raqamli transformatsiya sohalarida qo‘shma tashabbuslarni rivojlantirish uchun asos yaratadi.
FutureNuri raqamli kutubxona platformalari, akademik axborot tizimlari va kutubxonalarni avtomatlashtirish yechimlarini ishlab chiqish hamda joriy etish bo‘yicha tajribaga ega. Kompaniya yechimlaridan universitetlar, ommaviy kutubxonalar, davlat muassasalari va akademik tashkilotlarni o‘z ichiga olgan qariyb 800 ta tashkilot foydalanadi.
Kompaniya, shuningdek, kutubxonalar va bilimlarni boshqarish tizimlari uchun sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni rivojlantirmoqda. 2026-yil yanvar oyida FutureNuri kutubxona xizmatlari va axborot bilan ishlash jarayonlarida sun’iy intellektdan foydalanishga mo‘ljallangan futurenuri.ai platformasini ishga tushirdi.
Uchrashuv doirasida IT Park Uzbekistan O‘zbekistonda faoliyat boshlashga qiziqish bildirayotgan xalqaro texnologik kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlarni taqdim etdi. Tomonlar biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish tartiblari, IT Park ishtirokchisi maqomini olish, ofis faoliyatini yo‘lga qo‘yish, mahalliy kadrlarni jalb etish hamda mamlakat texnologik ekotizimi bilan hamkorlik qilish imkoniyatlarini muhokama qildi.
FutureNuri O‘zbekistonda o‘zining ilk xorijiy ofisini ochish va Markaziy Osiyoda EdTech hamda raqamli kutubxonalar yo‘nalishida yangi loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirdi. Kompaniya rejalashtirilayotgan kengayish doirasida mahalliy mutaxassislarni jalb etish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda.
IT Park Uzbekistan FutureNuri vakillarini 22–25-sentabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ICT WEEK Uzbekistan 2026da ishtirok etishga taklif qildi. Tadbirda ishtirok etish kompaniyaga O‘zbekistonning texnologik ekotizimi bilan yaqindan tanishish, mahalliy tashkilotlar va potensial hamkorlar bilan aloqalar o‘rnatish imkonini beradi.
Tomonlar FutureNuri’ning O‘zbekiston bozoriga chiqishi, mahalliy faoliyatni yo‘lga qo‘yishi hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyoda yangi loyihalarni ishlab chiqish masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.
2026-09-16