IT Park Uzbekistan va HKSTP startaplar, sun’iy intellekt va R&D sohalaridagi hamkorlikni kengaytirishni muhokama qildi

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan Xalqaro aloqalar bo‘limi rahbari Dildora Nasibullayeva Hong Kong Science and Technology Park (HKSTP)ning Yaqin Sharq bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik va kanal rivojlantirish yo‘nalishidagi katta menejeri Ankit Sethi bilan uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan va HKSTP o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, texnologik kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, shuningdek, sun’iy intellekt va R&D yo‘nalishlarida qo‘shma faoliyatni yo‘lga qo‘yish istiqbollari muhokama qilindi. 

Uchrashuvda ICT WEEK Uzbekistan 2026da HKSTP ekotizimidagi to‘rtta startapning ishtirokiga alohida e’tibor qaratildi. Tashrif doirasida kompaniyalar Uzinfocom, Uztelecom va TUIT vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Tomonlar ushbu kompaniyalar bilan keyingi hamkorlikni rivojlantirish hamda ularning O‘zbekiston bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. 

Shuningdek, O‘zbekiston startaplarining Gonkongga tashriflarini tashkil etish, ularning HKSTP kompaniyalari va texnologik infratuzilmasi bilan tanishishi, shuningdek, ikki ekotizim ishtirokchilari o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatlari muhokama qilindi. 

IT Park Uzbekistan va HKSTP o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. 2026-yil iyul oyida tomonlar o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan bo‘lsa, avgust oyida HKSTP kompaniyalari va startaplari uchun O‘zbekiston bozoriga chiqish imkoniyatlariga bag‘ishlangan maxsus vebinar tashkil etildi. Sentabr oyida esa hamkorlik IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Gonkongga tashrifi va Belt and Road Summit 2026dagi ishtiroki doirasida davom ettirildi. 

Hong Kong Science and Technology Park Gonkongdagi R&D va deep-tech yo‘nalishlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan asosiy innovatsion platformalardan biridir. HKSTP ekotizimi 26 mamlakatdan 2 400 dan ortiq texnologik kompaniya va 17 000 dan ziyod R&D mutaxassislarini birlashtiradi. Uning asosiy yo‘nalishlari qatoriga sun’iy intellekt, robototexnika, biotexnologiya, fintech, aqlli shahar yechimlari va ilg‘or ishlab chiqarish kiradi. 

2026-09-29