21-sentabr kuni ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan va ICPC Foundation vakillari o‘rtasida ICPC World Finals musobaqasini O‘zbekistonda o‘tkazish istiqbollariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda IT Park Uzbekistan Bosh direktori Azamat Karamatov, shuningdek, ICPC Foundation prezidenti Dr. William B. Poucher boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etdi.
Tomonlar tashkiliy masalalar, mezbon tomon uchun belgilangan talablar, jarayon ishtirokchilari o‘rtasida zarur muvofiqlashtirish, shuningdek, davlat tashkilotlari bilan hamkorlikning mumkin bo‘lgan formatlarini ko‘rib chiqdilar.
Tashrif doirasida ICPC Foundation delegatsiyasi kelgusida ICPC World Finals’ni o‘tkazish imkoniyati nuqtayi nazaridan O‘zbekistonning salohiyati, jumladan, infratuzilma, tashkiliy sharoitlar va tadbir dasturini amalga oshirish imkoniyatlari bilan ham tanishdi.

ICPC Foundation vakillari sport dasturlash bo‘yicha yirik xalqaro musobaqalarni tashkil etish tajribasi bilan o‘rtoqlashib, bunday miqyosdagi tadbirlarni tayyorlashda hisobga olinadigan asosiy jihatlarni taqdim etdilar.
ICPC Foundation delegatsiyasining 2026-yil 20–24-sentabr kunlari Toshkentga amalga oshirayotgan tashrifi Letter of Commitment imzolanganidan keyingi tashkilot yuqori darajadagi vakillarining ilk tashrifi bo‘lib, ICT WEEK Uzbekistan 2026 o‘tkazilayotgan davrga to‘g‘ri keldi.
ICPC — International Collegiate Programming Contest — universitet talabalari o‘rtasida algoritmik dasturlash bo‘yicha xalqaro musobaqa. ICPC global hamjamiyati 105 ta mamlakat va 3 704 ta universitetni qamrab oladi. Musobaqaning barcha bosqichlarida har yili dunyo bo‘ylab 71 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashadi. ICPC bitiruvchilari hamjamiyati esa 450 mingdan ortiq kishini birlashtiradi.
ICPC World Finals’da hududiy bosqichlardan saralangan 140 ga yaqin jamoa ishtirok etadi. So‘nggi yillarda final musobaqalari dunyoning turli mamlakatlarida, jumladan, Misr, Qozog‘iston va Ozarbayjonda o‘tkazildi. 2024-yilgi World Finals Ostona shahrida, 2025-yilgi final esa Boku shahrida bo‘lib o‘tdi.
Musobaqaning ko‘lami va xalqaro qamrovi uning ishtirokchilari geografiyasida ham aks etadi. Faqatgina Asia West mintaqasida oflayn bosqichlarda 736 ta universitetdan 17,6 mingdan ortiq ishtirokchi, Northern Eurasia mintaqasida esa 316 ta universitetdan 8,6 mingdan ziyod ishtirokchi qatnashadi.
ICPC World Finals’ning O‘zbekistonda o‘tkazilishi sport dasturlash ekotizimini yanada rivojlantirish, shuningdek, mamlakatning xalqaro texnologik va akademik hamjamiyat bilan aloqalarini kengaytirishga xizmat qilishi mumkin.
2026-09-21