IT Park Uzbekistan va ICT BULUT BILISIM O‘zbekistonda bulutli infratuzilmani rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktori Lazizbek Xudayev ICT BULUT BILISIM kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashdi. Tomonlar kompaniyaning mintaqadagi joriy faoliyati, O‘zbekistonda biznesni yanada rivojlantirish istiqbollari hamda bulutli texnologiyalar sohasida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

ICT BULUT BILISIM tomonidan uchrashuvda kompaniya direktori Erdeniz Ilhan Murtazalar, savdo va biznesni rivojlantirish bo‘yicha direktor Nazokat Tolipova, yechimlar arxitektori Sanjar Dusmukhamedov hamda Markaziy Osiyo bo‘yicha direktor Kamber Ozdemir ishtirok etdi.

ICT BULUT BILISIM bulutli yechimlar va IT infratuzilma xizmatlarini taqdim etishga ixtisoslashgan. Uchrashuv davomida kompaniya vakillari amalga oshirilayotgan loyihalar hamda Markaziy Osiyoda biznesni rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Kompaniyaning O‘zbekistonda yangi data-markazlar qurilishiga investitsiya kiritish rejalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur loyiha mamlakat oliy ta’lim muassasalarini raqamlashtirish doirasida ko‘rib chiqilmoqda va uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tomonlar, shuningdek, bulutli infratuzilmani rivojlantirish, ta’lim sohasida zamonaviy IT yechimlaridan foydalanishni kengaytirish hamda kompaniyaning O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini yanada kuchaytirish istiqbollari yuzasidan fikr almashdi.

 

2026-09-28