IT Park Uzbekistan va KISED O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida startaplar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov boshchiligidagi, IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Jahongir Radjabov hamda tashkilotning boshqa vakillari ishtirokidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Korea Institute of Startup & Entrepreneurship Development (KISED) rahbariyati, jumladan institut prezidenti Yoo Jung Pil bilan uchrashdi. 

Tomonlar startap ekotizimlarini rivojlantirish, texnologik kompaniyalarning xalqaro miqyosda kengayishi hamda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi tadbirkorlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

KISED Koreya Respublikasining Kichik va o‘rta biznes hamda startaplar vazirligi huzuridagi davlat instituti bo‘lib, tadbirkorlik va texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan milliy dasturlarni amalga oshiradi. Institut kompaniyalarni rivojlanishning turli bosqichlarida, jumladan tadbirkorlik ta’limi va biznesni yo‘lga qo‘yishdan tortib akseleratsiya, texnologiyalarni tijoratlashtirish, investitsiyalar jalb qilish va xalqaro bozorlarga chiqishgacha qo‘llab-quvvatlaydi.

Uchrashuv davomida tomonlar Koreya bozoriga chiqishga qiziqish bildirayotgan O‘zbekiston kompaniyalari hamda O‘zbekiston va Markaziy Osiyo bozorlarini ko‘rib chiqayotgan koreyalik startaplar uchun qo‘shma startap almashinuvi va soft landing dasturini yaratish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Dastur bozorga chiqish bo‘yicha konsultatsiyalar, mentorlik yordami, mahalliy hamkorlarni izlash va B2B uchrashuvlarini tashkil etishni o‘z ichiga olishi mumkin.

Alohida e’tibor IT Park Uzbekistan’ning istiqbolli startap-ishtirokchilarining KISED tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan xalqaro dasturlarda, jumladan K-Startup Grand Challenge, Global Market Expansion Program va K-Startup Centers, shuningdek, ko‘rgazma va biznes-matching tashabbuslarida ishtirok etish imkoniyatlariga qaratildi.

Tomonlar, shuningdek, 2027-yilda Uzbekistan–Korea Startup Forumni ikki mamlakat startaplari, investorlari, akseleratorlari va korporativ hamkorlari ishtirokida o‘tkazish istiqbolini muhokama qildi. Bundan tashqari, O‘zbekiston va Koreya Respublikasiga B2B uchrashuvlari, investitsiya sessiyalari, texnologik kompaniyalarga tashriflar va yangi bozorlarga chiqishga qaratilgan tadbirlarni o‘z ichiga oluvchi o‘zaro biznes-missiyalarni tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqildi.

Muloqotning yana bir yo‘nalishi startap ekotizimini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish bo‘ldi. IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligi xodimlari uchun Koreyaning startaplarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, texnologiyalarni tijoratlashtirish, korporativ open innovation modellari va innovatsion infratuzilmani rivojlantirishga bag‘ishlangan vorkshoplar hamda ta’lim dasturlarini tashkil etish imkoniyati muhokama qilindi.

Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston startaplariga Koreya venchur fondlari, investorlar, korporatsiyalar va texnologik ekotizimning boshqa ishtirokchilari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishda ko‘maklashish uchun KISED tarmog‘idan foydalanish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida ikki mamlakat startaplarining yangi bozorlar, investitsiyalar va xalqaro hamkorliklarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan amaliy hamkorlik formatlarini yanada rivojlantirish bo‘yicha asosiy yo‘nalishlar belgilab olindi. 

2026-09-18