Seul shahrida O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maxsudov boshchiligidagi, IT Park Uzbekistan Ijrochi direktori Jahongir Radjabov hamda tashkilotning boshqa vakillari ishtirokidagi O‘zbekiston delegatsiyasi KITC (Korea IT Consulting) kompaniyasi rahbariyati, jumladan bosh direktor Choi Ji Yoon bilan uchrashdi.
Tomonlar O‘zbekistonda raqamli transformatsiya, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, Big Data va ICT-loyihalarni amalga oshirish sohalaridagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
1999-yilda Seulda tashkil etilgan KITC ICT-konsalting, axborot tizimlari auditi, PMO, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va Big Data yo‘nalishlariga ixtisoslashgan. Kompaniya davlat va xususiy sektor uchun loyihalarni amalga oshiradi, shuningdek, raqamlashtirish sohasidagi xalqaro tashabbuslarda ishtirok etadi.
Uchrashuv davomida KITC vakillari O‘zbekiston va boshqa mamlakatlarda raqamli transformatsiya loyihalarini amalga oshirish tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. Kompaniya, shuningdek, O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning qator mamlakatlarida amaldagi loyihalari mavjudligini ma’lum qildi hamda O‘zbekistonda o‘z ofisini ochish imkoniyatini o‘rganayotganini bildirdi.
IT Park Uzbekistan tomonidan kompaniyaga IT Park ishtirokchisi maqomini olish, O‘zbekistondagi ofis orqali mahalliy mutaxassislarni jalb etgan holda mintaqaviy loyihalarni rivojlantirish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklif etildi. KITC vakillariga, shuningdek, Enterprise Uzbekistan imkoniyatlari va xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga chiqishidagi xarajat va xatarlarni kamaytirishga qaratilgan Zero Risk dasturi haqida batafsil ma’lumot taqdim etildi. Bunday yondashuv KITC’ning mintaqadagi ishtirokini kengaytirish va mahalliy IT-mutaxassislar uchun yangi imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Tomonlar elektron hukumat, Smart City, ta’lim, sog‘liqni saqlash, transport va davlat axborot tizimlari yo‘nalishlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.
Mahalliy texnologik kompaniyalarni joriy etish bo‘yicha hamkorlar, texnologik yechimlar yetkazib beruvchilari, subpudratchilar va yechim ishlab chiquvchilari sifatida jalb etish formatlari muhokama qilindi.
Alohida e’tibor AI, bulutli yechimlar va ma’lumotlar platformalari sohalarida qo‘shma pilot loyihalarni ishga tushirish va texnik vorkshoplar o‘tkazish imkoniyatlariga, shuningdek, O‘zbekistonda va xorijiy bozorlarda ICT-loyihalar hamda qo‘shma tenderlarda ishtirok etish uchun IT Park ishtirokchilari bilan hamkorlikka qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar IT Park Uzbekistan, KITC va mamlakat texnologik kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlikning amaliy formatlarini yanada muhokama qilish va ishlab chiqish uchun asosiy yo‘nalishlarni belgilab oldi.
2026-09-17