IT Park Uzbekistan va Janubiy Koreyaning Pink Packer texnologik kompaniyasi kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga chiqishini qo‘llab-quvvatlash va mahalliy operatsion bazani yaratishga qaratilgan O‘zaro anglashuv memorandumini (MoU) imzoladi.
Uchrashuvda IT Park Ventures direktori Dalerxon Nodirov, IT Park Uzbekistan’ning Koreya Respublikasidagi vakili Daniyar Atadjanov, shuningdek, Pink Packer asoschisi va CEOsi Jin Jeong hamda kompaniya hammuassisi va COOsi Jaeil Ryu ishtirok etdi.
Hamkorlik Pink Packer’ning O‘zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish, mahalliy IT-mutaxassislarni jalb etish hamda mamlakatdan kompaniyaning raqamli mahsulot va xizmatlarini Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga kengaytirish uchun platforma sifatida foydalanishni nazarda tutadi.
Rejalashtirilayotgan kengayish doirasida Pink Packer O‘zbekistonda ofis ochish va mahalliy jamoani shakllantirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya Data Engineering, Data Analytics va Full-stack Development yo‘nalishlaridagi mutaxassislarni jalb etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuv davomida tomonlar Pink Packer’ning O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa bozorlariga chiqish rejalari, shuningdek, kompaniya servislarini mintaqada rivojlantirish va mahalliylashtirish imkoniyatlarini muhokama qildi.
Alohida e’tibor go‘sht mahsulotlari ta’minot zanjiri ishtirokchilari uchun SaaS-platformani rivojlantirish, shuningdek, ushbu yo‘nalishdagi transchegaraviy savdo uchun raqamli yechimlarga qaratildi.
IT Park Uzbekistan mamlakatda faoliyat boshlashni rejalashtirayotgan xalqaro texnologik kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlarni taqdim etdi. Ular orasida biznesni ro‘yxatdan o‘tkazish va IT Park ishtirokchisi maqomini olishda ko‘maklashish, mahalliy kadrlar salohiyatidan foydalanish, shuningdek, tegishli davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari va soha hamkorlari bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari bor.
Tomonlar kompaniyaning O‘zbekiston orqali eksport strategiyasini ham ko‘rib chiqdi. Pink Packer O‘zbekistondan turib xalqaro mijozlarga raqamli xizmatlar ko‘rsatishni, bunda Markaziy Osiyo va MDH bozorlariga alohida e’tibor qaratishni rejalashtirmoqda. Bunday yondashuv kompaniyaga mahalliy operatsion imkoniyatlar va kadrlar salohiyatini amaldagi xalqaro faoliyati bilan birlashtirish imkonini beradi.
Pink Packer TradeOS — go‘sht mahsulotlarining xalqaro savdosini raqamlashtirishga mo‘ljallangan API asosidagi B2B-platformani rivojlantirmoqda. Yechim talab va taklifni moslashtirish uchun sun’iy intellekt texnologiyalaridan, shuningdek, sovuq ta’minot zanjiri va mahsulotlarning yangiligini monitoring qilish uchun logistika vositalari hamda IoT tizimlari ma’lumotlaridan foydalanadi.
Mazkur texnologiyalar transchegaraviy savdo samaradorligini oshirish, mahsulot yo‘qotishlarini kamaytirish hamda sifat nazorati va logistika bilan bog‘liq masalalarni hal etishga qaratilgan.
Pink Packer bilan hamkorlik Janubiy Koreya texnologik kompaniyalarining O‘zbekistonga mintaqaviy operatsiyalarni rivojlantirish va raqamli xizmatlar eksporti uchun istiqbolli platforma sifatidagi qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi. Mahalliy jamoani shakllantirish va kompaniya yechimlarini mamlakatda rivojlantirish agrooziq-ovqat sektorida yangi texnologik vositalarni joriy etish hamda mahalliy IT-mutaxassislar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi mumkin.
Pink Packer — 2024-yilda tashkil etilgan va Jeju provinsiyasida joylashgan Janubiy Koreya texnologik kompaniyasi. Kompaniya go‘sht mahsulotlarining xalqaro savdosi uchun raqamli yechimlarga ixtisoslashgan hamda sun’iy intellekt, logistika va sovuq ta’minot zanjirining IoT-monitoringi texnologiyalarini birlashtiruvchi TradeOS platformasini rivojlantirmoqda.
2026-09-16