2026-yil 3-sentabr kuni Belgradda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Bosh direktor maslahatchisi Abdulahad Kuchkarov boshchiligida SEE UP DOO bosh direktori Dušan Obradović bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekiston va Serbiya startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, startaplarning xalqaro miqyosda kengayishini qo‘llab-quvvatlash hamda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan va SEE UP o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Hujjat kelgusidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradi.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston va Serbiya startap ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish bo‘ladi. Tomonlar Serbiya bozori imkoniyatlarini o‘rganishga qiziqish bildirayotgan O‘zbekiston kompaniyalarini, shuningdek, O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish uchun platforma sifatida ko‘rib chiqayotgan Serbiya startaplarini qo‘llab-quvvatlashni rejalashtirmoqda.
Hamkorlik doirasida startaplarni akseleratsiya qilish yo‘nalishidagi aloqalarni ham rivojlantirish ko‘zda tutilgan. IT Park Uzbekistan va SEE UP tegishli dastur va imkoniyatlar haqida axborot almashadi hamda ikki mamlakat startaplarining tomonlar tashabbuslarida ishtirok etishiga ko‘maklashadi.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi forumlar, vebinarlar, biznes missiyalar va boshqa qo‘shma tadbirlarni o‘tkazishdan iborat bo‘ladi. Bunday formatlar tajriba almashish, ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish va O‘zbekiston hamda Serbiya startap ekotizimlari vakillari o‘rtasida yangi hamkorliklarni shakllantirishga xizmat qiladi.
Tomonlar, shuningdek, sun’iy intellekt, SI sohasidagi ta’lim tashabbuslari hamda tadqiqot va ishlanmalar (R&D) yo‘nalishlarida hamkorlik qilish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Potensial formatlar qatoriga tajriba va ekspertiza almashish, pilot loyihalarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat startaplari va tegishli tashkilotlari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish kiradi.
Bundan tashqari, Memorandum venchur va investitsiya ekotizimlari vakillari o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishni ham nazarda tutadi. Bu venchur fondlari, biznes farishtalar va korporativ investorlar bilan hamkorlik, shuningdek, istiqbolli investitsiya imkoniyatlari haqida axborot almashishni qamrab oladi.
Memorandumning imzolanishi IT Park Uzbekistan va SEE UP o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda ikki mamlakat startaplarining xalqaro miqyosda kengayishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga asos bo‘ladi.
2026-09-09