IT Park Uzbekistan va Telecontact biznesni rivojlantirishning strategik yo‘nalishlarini muhokama qildi

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov Telecontact asoschisi Viktor Volskiy bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuv kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada rivojlantirishning strategik yo‘nalishlari, hududiy ishtirokini kengaytirish istiqbollari, yangi ish o‘rinlarini yaratish va eksport salohiyatini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlandi.

Telecontact xalqaro buyurtmachilar uchun mijozlarga xizmat ko‘rsatish va servis loyihalarini amalga oshirishga ixtisoslashgan kontakt-markaz xizmatlarini ko‘rsatuvchi yirik kompaniya hisoblanadi. Ayni paytda kompaniya O‘zbekistonning uchta hududida — Toshkent, Samarqand va Farg‘onada faoliyat yuritib, jami 400 nafardan ortiq xodimni ish bilan ta’minlagan.

Kompaniya faoliyatini keyingi bosqichda kengaytirish doirasida Namangan viloyatida yangi hududiy ofis ochish imkoniyatini ham ko‘rib chiqmoqda. Kelgusida kompaniya 1 000 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratishni rejalashtirgan. Ushbu o‘sish hududiy tarmoqni kengaytirish, mahalliy mutaxassislarni jalb etish hamda O‘zbekistondan turib xalqaro buyurtmachilar uchun amalga oshiriladigan loyihalar hajmini oshirish hisobiga ta’minlanishi rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv davomida shaxsiy ma’lumotlarni qayta ishlash va ulardan foydalanish bilan bog‘liq loyihalarni amalga oshirish masalasi ham muhokama qilindi. Tomonlar bunday loyihalarni O‘zbekistonda amaldagi qonunchilik hamda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va qayta ishlash sohasidagi tegishli normativ-huquqiy talablarni hisobga olgan holda amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Muhokamaning alohida yo‘nalishlaridan biri Enterprise Uzbekistan bo‘ldi. Kompaniya Enterprise Uzbekistan faoliyat mexanizmi, shuningdek, uning doirasida biznes uchun taqdim etiladigan imkoniyatlar va imtiyozlarga qiziqish bildirdi. Tomonlar ushbu mexanizmda ishtirok etishning potensial afzalliklari hamda undan Telecontact’ning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada kengaytirish va masshtablashtirish uchun foydalanish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida tomonlar Telecontact’ning O‘zbekistondagi faoliyatini yanada rivojlantirish va kengaytirish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda biznesni masshtablashtirish uchun mavjud imkoniyatlardan foydalanish masalalari bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar. 

2026-09-26