17-sentabr kuni IT Park Uzbekistan Bosh direktori Azamat Karamatov UzCloud Bosh direktori Farhad Roziyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda tomonlar bulutli texnologiyalar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, IT Park Uzbekistan ekotizimidagi kompaniyalarning zamonaviy bulutli infratuzilma va raqamli yechimlardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish masalalarini muhokama qildilar.
Alohida e’tibor IT Park Uzbekistan rezidentlari bilan hamkorlikning mumkin bo‘lgan formatlariga qaratildi. Xususan, texnologik kompaniyalarga bulutli servis va yechimlardan foydalanish uchun maxsus shartlar va imtiyozli takliflarni taqdim etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, raqamli mahsulot va xizmatlarni rivojlantirayotgan startaplar hamda kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlik bo‘yicha takliflar almashib, IT Park Uzbekistan va UzCloud o‘rtasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar. Jumladan, ekotizim kompaniyalarining zarur texnologik resurslardan foydalanishi, bulutli yechimlarni joriy etishi hamda ular asosida o‘z faoliyatini rivojlantirish va kengaytirishiga xizmat qiluvchi mexanizmlar muhokama qilindi.
Ushbu hamkorlik bulutli infratuzilma foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish hamda texnologik kompaniyalarga oʻsish va kengayish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. Bulutli texnologiyalar provayderlari bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ning rezident kompaniyalar uchun infratuzilmaviy imkoniyatlarni kengaytirish va texnologik biznesni rivojlantirish uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan faoliyat yo‘nalishlaridan biridir.
2026-09-19