IT Park Uzbekistan va Vention xalqaro loyihalarni kengaytirish hamda kompaniyaning O‘zbekistondagi faoliyatini rivojlantirish masalalarini muhokama qildi

9-sentabr kuni IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov xalqaro texnologik kompaniya hisoblangan Vention ofisiga tashrif buyurdi. Uchrashuv davomida tomonlar kompaniyaning O‘zbekistondagi joriy faoliyati, xorijiy buyurtmachilarni jalb etish, xalqaro loyihalar uchun jamoalarni shakllantirish, shuningdek, faoliyatni yanada kengaytirishga ta’sir qiluvchi ayrim masalalarni muhokama qildi. 

Uchrashuv mavzularidan biri FinTech yo‘nalishidagi loyihalar uchun jamoalarni shakllantirish bo‘ldi. Vention vakillarining ta’kidlashicha, ayrim moliyaviy-texnologik loyihalarga mutaxassislarni jalb qilish jarayonida kompaniya xodimlar va nomzodlarning bir qismida diniy e’tiqod bilan bog‘liq savollarga duch kelmoqda.

Shu munosabat bilan tomonlar bunday loyihalarda mutaxassislarning ishtiroki bilan bog‘liq masalalar yuzasidan yanada aniq tushuncha shakllantirish maqsadida tegishli tashkilotlar va soha mutaxassislarini jalb etgan holda qo‘shimcha tushuntirish ishlarini olib borish imkoniyatini muhokama qildi.

Xorijiy buyurtmachilar bilan ishlash va O‘zbekistonni texnologik loyihalarni amalga oshirish uchun istiqbolli maydon sifatida ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Vention AQSh va Yevropadagi potensial mijozlar bilan hamkorlik qilmoqda, biroq ayrim buyurtmachilar hozircha loyihalarni kompaniyaning O‘zbekistondagi ofisida joylashtirish imkoniyatiga ehtiyotkorlik bilan yondashmoqda.

Xalqaro mijozlar bilan hamkorlikni kengaytirish maqsadida tomonlar AQSh, Buyuk Britaniya va Germaniya kabi asosiy bozorlarda Vention va IT Park Uzbekistan ishtirokida qo‘shma biznes tadbirlari hamda ishchi tashriflarni tashkil etish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.

Shuningdek, Vention’ning O‘zbekistondagi ofisini Lotin Amerikasidagi buyurtmachi uchun amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihaga jalb etish istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, transchegaraviy xizmatlarni soliqqa tortish va amaldagi soliq shartlarining xalqaro loyihalar iqtisodiyotiga ta’siri ko‘rib chiqildi.

Mazkur masalani yanada batafsil o‘rganish doirasida xalqaro tajribani, jumladan, Qirg‘iziston texnologik ekotizimi tajribasi hamda eksportga yo‘naltirilgan IT-kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashda qo‘llanilayotgan mexanizmlarni o‘rganish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuv yakunida tomonlar Vention’ning O‘zbekistondan turib xalqaro loyihalarni amalga oshirishi uchun yanada qulay sharoitlar yaratish, xorijiy buyurtmachilar bilan hamkorlikni kengaytirish hamda mahalliy jamoaning eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan keyingi ish yo‘nalishlarini belgilab oldi.

 

2026-09-11