IT Park Uzbekistan va Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirish va avtomatlashtirishga IT Park rezidentlarini kengroq jalb etishga qaratilgan hamkorlik memorandumini imzoladi. Ushbu tashabbus texnologik kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratish hamda O‘zbekiston yengil sanoat korxonalarida zamonaviy yechimlarni joriy etishga xizmat qiladi.
Bugungi kunda soha korxonalarida zamonaviy IT-yechimlarni joriy etish va sanoat avtomatlashtirish yo‘nalishida mahalliy mutaxassislar salohiyatini oshirishga ehtiyoj ortib bormoqda. Ayni paytda ayrim ishlab chiqarish vazifalarini hal etishda xorijiy yetkazib beruvchilar xizmatlaridan foydalanilmoqda. Bu esa texnologiyalarni joriy etish muddatlarining uzayishi, texnik xizmat ko‘rsatishning murakkablashishi va qo‘shimcha xarajatlarga olib kelishi mumkin.
Uchrashuv davomida tomonlar yengil sanoat korxonalarini avtomatlashtirish jarayonlariga IT Park rezidentlarini faolroq jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildi. Asosiy e’tibor soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda ishlab chiqaruvchilar va mahalliy dasturchilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratildi.
Hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:
IT Park rezidentlarini jalb etish — ishlab chiqarishni avtomatlashtirish uchun texnologik yechimlarni ishlab chiqish va joriy etish;
Mahalliy salohiyatni mustahkamlash — sanoat avtomatlashtirish sohasida kompetensiyalarni rivojlantirish va malakali mutaxassislar tayyorlash;
Texnik qo‘llab-quvvatlashni yo‘lga qo‘yish — raqamli yechimlarga IT Park rezidentlari ishtirokida tezkor texnik xizmat ko‘rsatishni tashkil etish;
Korxonalar samaradorligini oshirish — zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish va ishlab chiqarish jarayonlarini optimallashtirish.
Mazkur tashabbus IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun iqtisodiyotning real sektoriga kirib borish imkoniyatlarini kengaytiradi. Texnologik kompaniyalar o‘z ishlanmalarini sanoat korxonalarida qo‘llash, sohaga oid loyihalar portfelini kengaytirish hamda ishlab chiqarishning aniq ehtiyojlariga mos yechimlarni taklif etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Kelgusida belgilangan yo‘nalishlarni amalga oshirish orqali sanoat avtomatlashtirishining mahalliy ekotizimini shakllantirish, yengil sanoat korxonalarini mamlakat ichida ishlab chiqilgan texnologik yechimlar va malakali texnik yordam bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.
Kutilishicha, ushbu chora-tadbirlar xorijiy yetkazib beruvchilarga qaramlikni kamaytirish, korxonalarning texnologik mustaqilligini oshirish hamda IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun yangi bozor imkoniyatlarini yaratishga xizmat qiladi.
2026-10-09