IT Park va IT Park Ventures Central Eurasia Venture Summit 2025 tadbirida: O‘zbekiston — mintaqaning venchur integratsiya markazlaridan biri

IT Park va “IT Park Ventures” vakillari Tbilisi va Kaxetida (Gruziya) bo‘lib o‘tgan “Central Eurasia Venture Summit 2025” tadbirida ishtirok etdilar. Sammit mintaqa va dunyoning 10 dan ortiq mamlakatidan 100 dan ziyod venchur fondlari, akseleratorlar, startaplar, universitetlar va davlat idoralari vakillarini bir joyga to‘pladi.

Tadbir “Future Laboratory” va “Startup Central Eurasia” tomonidan IT Park Uzbekistan va “IT Park Ventures” ko‘magida tashkil etildi. O‘zbekistonning ishtiroki venchur sohasini institutsionallashtirish va transchegaraviy innovatsion infratuzilmani yaratish bo‘yicha tizimli ishlarning davomi bo‘ldi.

O‘zbekiston — o‘sish va integratsiya platformasi

Sammitning ochilish marosimida “IT Park Ventures” vakili Zaynab Atabaeva so‘zga chiqib, O‘zbekistonning venchur kapitali, texnologik almashinuv va mintaqaviy hamkorlik uchun yangi avlod platformasi sifatidagi rolini ta’kidladi. U 2025-yilning birinchi choragida 650 000 dollar miqdorida 3 ta startapni moliyalashtirgan va mintaqaviy ildizlarga ega hamda global maqsadlarga yo‘naltirilgan loyihalarni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor qaratayotgan jamg‘arma strategiyasini taqdim etdi.

Fond quyidagilarni qo‘llab-quvvatlaydi:

  • Markaziy Yevroosiyo mamlakatlaridan startaplar;
  • diaspora jamoalari;
  • o‘zbek ildizlariga ega asoschilar;
  • xalqaro bozorga yo‘naltirilgan mahalliy startaplar.

Yangi tashabbuslar: biznes farishtalar maktabi va UC Berkeley bilan hamkorlik

Sammitning asosiy natijasi Markaziy Yevroosiyo biznes farishtalari maktabini — IT Park Uzbekistan, “IT Park Ventures”, “AXEL” va “Future Laboratory” qo‘shma loyihasini ishga tushirish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Dastur startaplarni baholash, bitimlar tuzilmasi, investitsiya portfelini shakllantirish va akseleratorlar bilan ishlash jihatlarini qamrab oladi. Birinchi bosqich O‘zbekistonda 2025-yilning ikkinchi yarmida boshlanishi kutilmoqda.

Ikkinchi kuni IT Park vakili Shohrux Narimanov va “IT Park Ventures” vakili Zaynab Atabaeva davra suhbatida ishtirok etishdi. Unda mintaqaviy hamkorlik, qo‘shma investitsiyalar va “UC Berkeley” (AQSh) professorlari, bitiruvchilari va talabalari ishtirokida “Future Laboratory” bilan hamkorlikda ta’lim dasturini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi. Tashabbus Markaziy Yevroosiyo startaplarini AQSh bozoriga kirishga tayyorlash, jumladan, investitsiyaviy tayyorgarlik, bozorga kirishni qo‘llab-quvvatlash va global akseleratorlar hamda fondlar bilan hamkorlikni o‘z ichiga oladi.

Mintaqaviy aloqalar va startaplar oqimi

Sammit doirasida IT Park jamoasi AI, AgriTech, EdTech va FinTech sohalaridagi istiqbolli startaplar bilan 30 dan ortiq uchrashuv o‘tkazdi. O‘zbek ildizlariga ega ta’sischi Norm Abdurasulov tomonidan yaratilgan “Norim Abdurasulov ” loyihasiga alohida e’tibor qaratildi. Startap allaqachon bir qator fondlar bilan muzokaralar olib bormoqda va Gruziya, Qozog‘iston hamda AQSh bozorlariga chiqishga tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Taqdimot doirasida O‘zbekistonning kengayish platformasi sifatidagi roli ko‘rsatib o‘tildi — 15 dan ortiq xalqaro startap kengayish uchun mamlakatni tanladi va IT Park dasturlari orqali 2023-yildan buyon mintaqaviy loyihalarga 134,4 million dollardan ortiq sarmoya jalb qilindi.

Asosiy kelishuvlar

  • Markaziy Yevroosiyo biznes farishtalari maktabini ishga tushirish
  • Startap oqimlarini almashish va hamkorlikdagi akseleratsiyalar
  • Investitsiya sindikatlari va LP-guruhlarini tashkil etish
  • Bitimlarni baholash va yo‘riqnomalarning umumiy mexanizmlarini ishlab chiqish
  • AQShj bozoriga kirish uchun “Future Laboratory” va “UC Berkeley” bilan dasturni ishga tushirish
  • Tartibga solish siyosati, soliq shartlari va venchur qonunchiligi bo‘yicha ishchi guruhlarni shakllantirish

Central Eurasia Venture Summit 2025 O‘zbekiston nafaqat faol ishtirokchi, balki mintaqaning kelajakdagi venchur arxitekturasining tizimli bunyodkorlaridan biri ekanligini tasdiqladi. IT Park va “IT Park Ventures” tashabbuslari orqali Kaliforniyaning Silikon vodiysidan Kaxetigacha bo‘lgan hududda mahalliy iste’dodlar, global kapital va xalqaro hamkorlikni birlashtirgan mustahkam ekotizim shakllanmoqda.

2025-05-14