O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan, 2026-yil 11-aprel kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev O‘zbekistonga amaliy tashrif bilan keldi.
Buxoroda bo‘lib o‘tgan tashrif doirasida IT Park Ventures va White Hill Capital O‘zbekistonda umumiy hajmi 2 million AQSh dollarigacha bo‘lgan qo‘shma investitsiya fondini tashkil etish bo‘yicha kelishuv imzoladi.
IT Park Ventures — O‘zbekiston, Markaziy Yevrosiyo va diaspora vakillari orasidagi startaplar bilan ishlaydigan IT Park Uzbekistan huzuridagi venchur fond. Fond portfelida qariyb 70 ta loyiha mavjud.
White Hill Capital — Markaziy Osiyo va MENA mintaqasidagi texnologik startaplarga investitsiya kirituvchi Qozog‘iston venchur kompaniyasi, asosan dastlabki bosqichlar va biznesni kengaytirishga e’tibor qaratadi.
Mazkur fond O‘zbekiston, Qozog‘iston va Markaziy Yevrosiyo mintaqasi o‘rtasidagi venchur hamkorlikni rivojlantirish uchun yangi platformaga aylanadi. Uning asosiy maqsadi — texnologik startaplarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish.
Qo‘shma fond Markaziy Yevrosiyodagi startaplarga, shuningdek, diaspora asoschilari va mintaqaga texnologik hamda strategik qiymat olib kirishga qodir xalqaro jamoalarga investitsiya kiritadi. Ayniqsa, AI, fintech va raqamli yechimlar kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi.
IT Park Ventures direktori Dalerxon Nodirovning ta’kidlashicha, White Hill Capital bilan hamkorlik ekotizimning xalqaro bog‘liqligini kuchaytiradi va startaplar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, fond investitsion hamkorlikni rivojlantirishga, bitimlar sonini oshirishga va loyihalarning global bozorga chiqishiga xizmat qiladi.
White Hill Capital boshqaruvchi hamkori Aslan Sultanov esa fond tashkil etilishi mintaqada barqaror investitsion infratuzilmani shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam ekanini ta’kidladi. U O‘zbekiston va Qozog‘iston Markaziy Osiyo venchur ekotizimining markazi sifatida yuqori salohiyatga ega ekanini qayd etib, kuchli texnologik jamoalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi.
Fond uzoq muddatli kapitalni jalb qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini kuchaytirish va startap loyihalar sifatini oshirishga yordam beradi. Shuningdek, u asoschilarning moliyalashtirish, ekspertiza va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytiradi.
2026-04-13