2026-yilning iyul oyida 152 ta kompaniyaning IT Park Uzbekistan rezidenti maqomi bekor qilindi. Ushbu qaror rezidentlar faoliyatining muntazam monitoringi yakunlariga ko‘ra qabul qilingan.
Bunga 2025-yil uchun yillik auditorlik hisoboti va auditorlik xulosasining belgilangan muddatda taqdim etilmagani asos bo‘lgan.
IT Park rezidenti maqomi kompaniyalarga soliq imtiyozlaridan foydalanish, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini olish va xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatini beradi. Shu bilan birga, rezidentlar shartnoma shartlariga rioya etishlari, hisobotlarni o‘z vaqtida taqdim etishlari hamda tasdiqlangan biznes-rejaga muvofiq faoliyat yuritishlari shart.
Monitoring doimiy asosda olib borilib, u hisobotlarning o‘z vaqtida topshirilishi, majburiy to‘lovlarning amalga oshirilishi, amaldagi faoliyatning e’lon qilingan biznes-rejaga muvofiqligi, shuningdek, rezidentlik dasturining boshqa talablariga rioya etilishini tekshirishni o‘z ichiga oladi.
2026-yil boshidan buyon jami 768 ta kompaniya IT Park Uzbekistan rezidenti maqomini yo‘qotdi. Iyul oyida ro‘yxatdan chiqarilgan 152 ta kompaniyadan tashqari, avvalroq yana 616 nafar rezidentning maqomi bekor qilingan edi. Bunga majburiy to‘lovlarning o‘z vaqtida to‘lanmagani, rezidentlik doirasida olti oydan ortiq faoliyat yuritilmagani, choraklik hisobotlarni topshirish muddatlarining buzilishi, amaldagi faoliyatning tasdiqlangan biznes-rejaga nomuvofiqligi va kompaniyalardan birining bankrot bo‘lgani eng ko‘p uchragan sabablar bo‘ldi.
Rezidentlik maqomi bekor qilingach, kompaniyalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar soliq va bojxona organlariga yuboriladi. Kompaniyalar qonunchilikda IT Park rezidentlari uchun ko‘zda tutilgan soliq va bojxona imtiyozlaridan foydalanish huquqidan mahrum bo‘ladi.
IT Park Uzbekistan rezidentlarga o‘z majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish, hisobotlarni topshirish muddatlariga rioya qilish va faoliyatning rezidentlik shartlariga mos kelishini ta’minlash zarurligini eslatib o‘tadi.
2026-07-27