Jahon bankining raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt bo‘yicha vitse-prezidenti Sangbu Kim boshchiligidagi delegatsiya rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi. Tashrif Jahon banki, Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda IT Park Uzbekistan hamkorligida amalga oshirilayotgan “O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasi doirasida tashkil etildi.

Tashrif davomida Jahon banki vakillari loyiha natijalari bilan tanishib, mamlakat raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishning navbatdagi bosqichlarini muhokama qildilar. Asosiy e’tibor ITES (IT xizmatlari eksporti) sektorini kengaytirish, aholining raqamli ko‘nikmalarini rivojlantirish, sun’iy intellektga asoslangan yechimlarni joriy etish, shuningdek, raqamli soha uchun normativ-huquqiy va institutsional muhitni takomillashtirish masalalariga qaratildi.

“O‘zbekistonda raqamli inklyuzivlik” loyihasi 2024–2029-yillarda amalga oshirilmoqda va uning umumiy byudjeti 50 million AQSh dollarini tashkil etadi. Bugungi kunga qadar loyiha doirasidagi 18 ta xarid paketidan 16 tasi bo‘yicha xarid jarayonlari yakunlangan, 9 ta shartnoma muvaffaqiyatli amalga oshirilgan va o‘zlashtirilgan mablag‘lar hajmi 4,8 million AQSh dollariga yetgan.

Loyiha doirasida ITES sektorini rivojlantirish uchun normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha tahliliy ishlar yakunlandi. Mamlakat hududlarida axborot texnologiyalari va xorijiy tillar bo‘yicha ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yildi, soft skills (yumshoq ko‘nikmalar)ni rivojlantirish dasturlari esa ayollar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ham qamrab olgan holda 1 400 nafardan ortiq ishtirokchini o‘qitdi. Shuningdek, butun mamlakat bo‘ylab sun’iy intellekt bo‘yicha ko‘nikmalarni rivojlantirish dasturlarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Loyihaning muhim natijalaridan biri sifatida ITES markazi zamonaviy raqamli infratuzilma va uskunalar bilan jihozlandi. Bundan tashqari, xalqaro targ‘ibot faoliyatlari tufayli O‘zbekiston yirik xalqaro sanoat tadbirlarida ishtirok etdi. Bu esa mahalliy bozorga 199 ta yangi kompaniyaning kirib kelishiga va 526 ta yangi ish o‘rni yaratilishiga xizmat qildi.

Loyiha, shuningdek, IT Park Uzbekistan’ning Germaniya, AQSh va Saudiya Arabistonidagi xalqaro vakolatxonalarini ochishni qo‘llab-quvvatladi. Bu O‘zbekistonning global raqamli xizmatlar bozoridagi ishtirokini kengaytirish, xorijiy investorlar va texnologik kompaniyalarni jalb etish imkonini bermoqda.
Jahon banki delegatsiyasining tashrifi raqamli rivojlanish sohasidagi xalqaro hamkorlikning yuqori darajasini yana bir bor tasdiqladi hamda O‘zbekistonning mintaqadagi yetakchi raqamli iqtisodiyot va IT xizmatlari eksport markazlaridan biri sifatidagi pozitsiyalarini yanada mustahkamlash yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.
2026-06-17