Koreyaning Novatech kompaniyasi O‘zbekistonda servis markazi ochish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda

IT Park Uzbekistan vakillari xizmatlar eksportini rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Jahongir Kagirov rahbarligida Janubiy Koreyaning “Novatech” kompaniyasi bosh direktori Son Dong Sok boshchiligidagi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar servis markazini ochish istiqbollari, malakali kadrlarni tanlash va kelgusidagi hamkorlik masalalarini muhokama qildilar.

Novatech — Janubiy Koreyaning yirik energetika obyektlari, jumladan, atom stansiyalari infratuzilmasini nazorat qilish, boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish uchun dasturiy yechimlar yaratishga ixtisoslashgan IT-kompaniya. Hozirda kompaniyada 75 ga yaqin xodim ishlaydi. “Novatech” Koreya, AQSh va Vetnamda o‘z ofislariga ega bo‘lib, energetika va sanoat sohalarida loyihalarni faol amalga oshirmoqda hamda innovatsion texnologiyalarni rivojlantirmoqda.

“Novatech” O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatish markazini ochish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Yangi ofis AQSh va Koreyaga autsorsing xizmatlarini taqdim etadi. Tashrif doirasida “Novatech” delegatsiyasi IT Park infratuzilmasi bilan tanishdi, ijaraga olish uchun mavjud ofis binolarini ko‘zdan kechirdi va potensial hamkorlar bilan bir qator muzokaralar olib bordi.

Jahongir Kagirov O‘zbekistonda koreys tilida so‘zlashuvchi ko‘plab IT-mutaxassislar faoliyat yuritayotganini, bu esa biznesni muvaffaqiyatli mahalliylashtirish uchun qulay sharoit yaratayotganini ta’kidladi. IT Park Uzbekistan kompaniyaga bunday kadrlarni izlash va tanlashda har tomonlama ko‘mak berishga tayyor.

Yaqin vaqt ichida kompaniya O‘zbekistonda ofis ochish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilishi kutilmoqda.

IT Park Uzbekistan kompaniyani har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda davom etadi va mamlakatimizda “Novatech” rejalarining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga umid qiladi. Bu esa IT-sanoatni rivojlantirish va yuqori texnologiyali loyihalarni jalb qilish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

2025-07-15