La French Tech, Voodoo va STATION F: O‘zbekiston bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari

9-sentyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Fransiyaga rasmiy tashrifi doirasida mamlakatning texnologiya va startap-ekotizimining asosiy vakillari bilan bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Enterprise Uzbekistan Boshqaruv raisi Farhod Ibragimov va delegatsiyaning boshqa vakillari ishtirokida La French Tech, Voodoo hamda STATION F bilan muzokaralar o‘tkazdi. 

Birinchi kunning asosiy mavzulari sifatida O‘zbekiston startaplari uchun xalqaro imkoniyatlarni kengaytirish, GameDev sohasini rivojlantirish, qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish hamda O‘zbekiston va Fransiya texnologik ekotizimlari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash belgilandi. 

La French Tech: startap almashinuvi uchun yangi imkoniyatlar 

La French Tech bosh qarorgohi direktori Jyuli Yuge bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda tomonlar Fransiya startap-ekotizimining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Fransiya startaplarining IT Park Uzbekistan’ning “Soft Landing” va “Land of Startups” dasturlarida, shuningdek, La French Tech’ning “ICT WEEK Uzbekistan” haftaligida ishtirok etishi masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu hamkorlik ikki mamlakat startaplari, investorlari va rivojlanish institutlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Voodoo: O‘zbekistonning GameDev jamoalarini qo‘llab-quvvatlash 

Fransiyaning Voodoo kompaniyasiga tashrif davomida tomonlar uning venchur studiyasi va nashriyot modelini O‘zbekistonning GameDev jamoalari bilan ishlashga moslashtirish imkoniyatini ko‘rib chiqdilar.

Bunday yondashuv o‘yin ishlab chiquvchilarga boshqa joyga ko‘chish zaruratisiz, o‘yinlarni yaratish, nashr etish va monetizatsiya qilish bo‘yicha xalqaro tajribadan foydalangan holda o‘yin mahsulotlarini bevosita O‘zbekistondan turib rivojlantirish va kengaytirish imkonini berishi mumkin.

Shuningdek, jamoalarga dastlabki prototipdan tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli mahsulotgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishga yordam beradigan “Prototype-to-Scale” o‘quv dasturini ishga tushirish imkoniyati ham muhokama qilindi.

Yana bir yo‘nalish sifatida O‘zbekistonda Voodoo ekspertizasi va mentorlik ko‘magini jalb qilgan holda qo‘shma GameDev tadbirlari – forumlar, tanlovlar va demo-kunlar o‘tkazish belgilandi.

Kompaniya nomidan muzokaralarda O‘zbekistonda tug‘ilib o‘sgan va mahalliy GameDev hamjamiyati bilan aloqani saqlab kelayotgan “New Games” nashriyoti direktori Yuriy Kotikov ishtirok etdi.

STATION F: O‘zbekiston startaplarining Yevropa bozoriga chiqishi

Delegatsiya STATION F’da xalqaro hamkorlik yo‘nalishi rahbari Joanna Grual Buldon bilan uchrashdi.

Tomonlar Yevropada O‘zbekiston startaplari uchun maxsus akseleratsiya yoki “soft landing” dasturini yaratish, shuningdek, ularning 2027-yilda STATION F’ning tegishli dasturlarida ishtirok etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Startap-studiyalar, inkubatsiya va akseleratsiya dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishga alohida e’tibor qaratildi. Delegatsiya, shuningdek, STATION F infratuzilmasi hamda startaplar, investorlar va xalqaro texnologik kompaniyalar bilan ishlash yondashuvlari bilan tanishdi.

Tashrifning birinchi kuni yakunlariga ko‘ra, Fransiya texnologik ekotizimining uchta asosiy ishtirokchisi bilan kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular startaplarning xalqaro miqyosga chiqishi, GameDev sohasini rivojlantirish, qo‘shma ta’lim va akseleratsiya tashabbuslari hamda O‘zbekiston texnologik kompaniyalarining Yevropa bozoridagi ishtirokini kengaytirishni qamrab oladi.

 

2026-09-12