“Markaziy Osiyo + Ozarbayjon yosh yetakchilari” mintaqaviy dasturi ishtirokchilari IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi

“Markaziy Osiyo + Ozarbayjon yosh yetakchilari” mintaqaviy dasturi doirasida ishtirokchilar O‘zbekiston IT sohasi va raqamli iqtisodiyotining rivojlanishi bilan tanishish maqsadida IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi. 

“Yuksalish” harakati va Germaniyaning Konrad Adenauer jamg‘armasi hamkorligida tashkil etilgan dastur 2026-yil 27-oktabr kuni Toshkentda boshlandi. Unda O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan 20 nafardan ortiq yosh siyosatchilar, deputatlar, davlat xizmatchilari hamda jamoat arboblari ishtirok etmoqda. 

IT Park Uzbekistan’ga tashrif mamlakatimizning turli sohalardagi taraqqiyot tajribasini o‘rganishga qaratilgan dasturning muhim qismlaridan biri bo‘ldi. Tashrif davomida delegatsiya a’zolari O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish jarayonlari va milliy IT ekotizimining shakllanishi bilan yaqindan tanishdi.

27–29-oktabr kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida o‘tkazilayotgan dastur mintaqaviy muloqotni mustahkamlash, tajriba almashish hamda Markaziy Osiyo va Ozarbayjonning yangi avlod yetakchilari o‘rtasida professional aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan.

Tashkilotchilar ushbu tashabbusni uzoq muddatli mintaqaviy hamkorlik platformasi sifatida rivojlantirishni rejalashtirmoqda. Kelgusida dastur bitiruvchilari tarmog‘ini shakllantirish va uni mintaqaning boshqa davlatlarida ham o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

2026-10-28