18–19-iyun kunlari IT Park Uzbekistan Janubiy Koreyaning Seul shahrida bo‘lib o‘tgan Next Rise 2026 konferensiyasida ishtirok etdi. O‘zbekiston texnologik ekotizimi Osiyodagi eng yirik startap va innovatsiyalar platformalaridan birida xalqaro auditoriyaga taqdim etildi.

IT Park Uzbekistan boshchiligidagi delegatsiya tarkibida Unitlab, Smartup va OsonSoft startaplari ishtirok etib, o‘z innovatsion yechimlarini xalqaro investorlar, korporatsiyalar va ekotizim vakillariga namoyish etdi. Shuningdek, IT Park Uzbekistan rezidenti bo‘lgan Koreyaning Prototie kompaniyasi UZINFOCOM bilan rasmiy hamkorlik doirasida DMED mahsulotini xalqaro auditoriyaga taqdim etdi.
Konferensiya doirasida IT Park Uzbekistan delegatsiyasi SparkLabs Korea, KDB NextONE, Megazone / Amazon Web Services (AWS), LG Science Park va TCMP vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralarda strategik hamkorlik, akseleratsiya dasturlari, xalqaro bozorlarga chiqish va pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
SparkLabs Korea kompaniyasi bilan uchrashuvda joriy yil iyun oyining boshida IT Park Uzbekistan rahbariyati va kompaniya o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar natijalari muhokama qilindi. Shuningdek, 2026-yilning uchinchi choragida ishga tushirilishi rejalashtirilgan Koreya akseleratsiya dasturi bo‘yicha batafsil muzokaralar olib borildi.
LG Science Park bilan uchrashuv davomida O‘zbekiston startaplarining LG SuperStart dasturida ishtirok etishi va ushbu yo‘nalishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.
KDB NextONE bilan uchrashuvda IT Park Uzbekistan portfelidagi startaplar taqdim etildi hamda kompaniyalarning Koreya bozoriga chiqishi va investitsion qo‘llab-quvvatlash dasturlarida ishtirok etishi bo‘yicha imkoniyatlar muhokama qilindi.
The Collective Management Partners (TCMP) tashkiloti bilan muzokaralar esa o‘zbek kompaniyalarining Janubiy Koreya va Janubi-Sharqiy Osiyo bozorlariga chiqish mexanizmlariga bag‘ishlandi. Tomonlar TCMP’ning mahalliy reseller hamkor va savdo kanali sifatidagi imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
IT Park startaplari ham Next Rise 2026 doirasida muhim natijalarga erishdi. Unitlab xalqaro kompaniyalar bilan 7 ta ehtimoliy POC tashabbusini yo‘lga qo‘ydi. Bu BMW, Multiplez AI, Data Market, Shenzhen Smart City, BioHealthcare va PLAYTAG bilan pilot hamkorliklarni boshlash bo‘yicha kelishuvlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, JJ&COMPANIES bilan POC va ilmiy-tadqiqot hamkorligini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Smartup startapi esa PepsiCo vakillari bilan mahsulot namoyishi va qo‘shma pilot loyihani ishlab chiqish bo‘yicha kelishib oldi, shuningdek, logistika va moliyaviy texnologiyalar yo‘nalishidagi koreyalik kompaniyalar bilan dastlabki aloqalarni o‘rnatdi.

OsonSoft Weekly Ventures, YourData va xalqaro investorlar bilan hamkorlik hamda investitsiya masalalarida aniq kelishuvlarga erishib, Lite-On Technology va ShinWon kabi yirik sanoat kompaniyalari bilan korporativ integratsiya va muvofiqlik nazorati jarayonlarini avtomatlashtirish yo‘nalishida hamkorlik bo‘yicha muzokaralarni boshladi.
Next Rise 2026’dagi ishtirok O‘zbekistonning global texnologik xaritadagi pozitsiyasi tobora mustahkamlanib borayotganini hamda mahalliy startaplar uchun xalqaro bozorlar, investorlar va hamkorlik imkoniyatlari kengayib borayotganini yana bir bor namoyish etdi.
2026-06-23