O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov Vashingtonda xalqaro kompaniyalar, startaplar hamda o‘zbek diasporasi vakillari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Uchrashuvlarning asosiy yo‘nalishlari IT-ekotizimni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va raqamli xizmatlar eksportini oshirish bo‘ldi. Shuningdek, kadrlar tayyorlash va texnologik kompetensiyalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.
Diaspora va startaplar: hamkorlikni kengaytirish
Diaspora vakillari va startap asoschilari bilan uchrashuvda xorijiy tajriba va loyihalarni O‘zbekistonga jalb qilish mexanizmlari muhokama qilindi. Ishtirokchilar qo‘shma tashabbuslarni yo‘lga qo‘yish, autsorsingni rivojlantirish va mahalliy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuvda 20 dan ortiq xalqaro tashkilot va kompaniyalar vakillari, jumladan, Factour, Gourmet Concept Inc., World Turon Association, DOMiNO Ventures, The George Washington University, Harvard University, Georgetown University, Amazon Web Services (AWS), Oracle, World Bank Group, World Wildlife Fund (WWF), Mount Sinai Hospital, Balloon Stoll va boshqalar ishtirok etdi.
Mutaxassislar tayyorlash masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Xalqaro ekspertlar ishtirokida ta’lim dasturlari, stajirovkalar va onlayn o‘qitish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, diaspora vakillarining mamlakat IT-ekotizimini rivojlantirishdagi ishtirokini nazarda tutuvchi hamkorlik formatlari taklif etildi.
Xususan, Bonus System tashabbusi taqdim etildi — u texnologiya sohasidagi ekspertlarni xorijiy eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarni jalb qilishda maslahatchi sifatida ishtirok etishini va mukofot tizimini nazarda tutadi.
Shuningdek, O‘zbekistonning sun’iy intellekt, autsorsing, venchur investitsiyalar va startap ekotizimidagi salohiyatini targ‘ib qilish uchun tech-ambassadorlar tarmog‘i shakllantiriladigan Uzbekistan Connect dasturi taqdim etildi.
Bundan tashqari, xorijda tahsil olayotgan talabalarni xalqaro IT-tadbirlarda ishtirok etishga jalb qilish tashabbusi muhokama qilindi. Bu professional aloqalarni kengaytirish va O‘zbekistonning global maydondagi ishtirokini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Ericsson: telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish
Ericsson kompaniyasi bilan davlat organlari bilan hamkorlik bo‘yicha vitse-prezident Jeffri Marks ishtirokida o‘tkazilgan muzokaralar telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va yangi avlod texnologiyalarini joriy etishga bag‘ishlandi. Asosiy e’tibor tarmoqlar barqarorligini oshirish va internet qamrovini kengaytirishga qaratildi.

Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekistondagi telekommunikatsiya sohasidagi islohotlarni muhokama qilib, keng polosali internet qamrovining oshgani, zamonaviy texnologiyalarning joriy etilishi va tarmoq infratuzilmasining yangilanishini qayd etdi.

Shuningdek, ular global tendensiyalar — aqlli shaharlar rivoji, Narsalar interneti (IoT) ekotizimlari va tarmoqlarni boshqarishda sun’iy intellektdan foydalanish masalalarini muhokama qildi. Ushbu yo‘nalishlar O‘zbekistonning raqamli rivojlanish va innovatsiyalarni joriy etish siyosatiga mos kelishi ta’kidlandi.
Bundan tashqari, “yashil” infratuzilmaga ega data-markazlar rivoji ham muhokama qilindi, bu esa mamlakatning xalqaro ma’lumotlar va IT-xizmatlar uchun platforma sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlaydi.
IBM: texnologik baza yaratish va kompetensiyalarni rivojlantirish
IBM kompaniyasi bilan kompaniya vitse-prezidenti Emili Fonteyn ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda O‘zbekistondagi investitsion muhitni rivojlantirish va hamkorlik imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, mamlakatning turli hududlarida qurilayotgan zamonaviy “yashil” data-markazlardan foydalanish, shuningdek, ushbu sohada mavjud imtiyoz va preferensiyalar ham ko‘rib chiqildi.
Sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va boshqa istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Ustuvor yo‘nalishlar qatorida hybrid cloud va kvant texnologiyalari qayd etildi.
Alohida e’tibor innovatsion laboratoriyalar yaratish, ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va mutaxassislarni sertifikatlashga qaratildi. Shuningdek, IBM infratuzilmasini yangi data-markazlar bazasida joylashtirish va ayrim loyihalarni boshqa hududlardan qisman relokatsiya qilish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
O‘zbek tomoni mamlakatning demografik salohiyati, IT-ta’limga yo‘naltirilgan investitsiyalar, ko‘p tilli mutaxassislar sonining oshib borayotgani hamda data-markazlarni, jumladan, Qoraqalpog‘istonda ham rivojlantirish imkoniyatlarini taqdim etdi.
Netsweeper: internet xavfsizligi yechimlari
Netsweeper kompaniyasi bilan internet xavfsizligi va kontentni boshqarish sohasidagi yechimlar muhokama qilindi. Asosiy e’tibor foydalanuvchilarni, ayniqsa, ta’lim muhitida himoya qilishga qaratildi.

Muloqot davomida O‘zbekistonda internet makonidagi xavfsizlikni kuchaytirish, ayniqsa, bolalar va yoshlarni zararli kontentdan himoya qilishga qaratilgan yechimlarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Xususan, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida yoshlar uchun mos kontent filtrlash tizimlarini bosqichma-bosqich joriy etish, sun’iy intellekt asosida kontentni tasniflash va xavfli axborot oqimlarini erta aniqlash imkoniyatlari muhokama qilindi.
GK Consultation: ofis ochish va O‘zbekistonda faoliyat boshlash
GK Consultation kompaniyasi asoschisi va CEO’si Grigoriy Mirzoyev bilan o‘tkazilgan muzokaralar O‘zbekistonda faoliyatni yo‘lga qo‘yish hamda biznes xizmatlari va transport texnologiyalari sohasida hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. Jizzax viloyatida ofis ochish va Zero Risk dasturi doirasida ish boshlash masalalari diqqat markazida bo‘ldi.
Uchrashuv davomida kompaniyaning O‘zbekiston bozoriga chiqish, jumladan, transport texnologiyalari sohasida konsalting va SaaS yechimlarini rivojlantirish rejalari muhokama qilindi. Birinchi yil davomida taxminan 50 ta ish o‘rni yaratish va xizmatlar eksportini 500 ming dollargacha yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, mahalliy mutaxassislarni jalb qilgan holda jamoa shakllantirish va operatsion faoliyatni yo‘lga qo‘yish masalalari ham ko‘rib chiqildi. IT Park Uzbekistan va Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari kadrlar tanlash va loyiha rivojida ko‘mak berishga tayyor ekanini bildirdi.
ALIF UZ CORP: biznesni kengaytirish va Samarqandda ofis ochish
ALIF UZ CORP kompaniyasi O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda kompaniya asoschisi Jamshiddin Fazliddinov bilan uchrashuv yakunida ma’lum qilindi. Asosiy rejalar qatorida Samarqandda yangi ofis ochish va jamoani kengaytirish bor.
Muzokaralar davomida logistika yo‘nalishini rivojlantirish, jumladan, freight tashuvlar, dispetcherlik xizmatlari va avtopark boshqaruvi muhokama qilindi. Kengayish natijasida 250 tagacha ish o‘rni yaratilishi va xizmatlar eksporti 3 mln dollarga oshirilishi kutilmoqda.
Bundan tashqari, buxgalteriya va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish, ularni xalqaro bozorga olib chiqish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Shuningdek, mutaxassislar tayyorlash, xususan, ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish va xalqaro standartlar, jumladan, CPA yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitish muhokama qilindi.
CIPE: startaplarni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlik
Center for International Private Enterprise (CIPE) bilan uchrashuv startap ekotizimini rivojlantirish va xalqaro bozorlarga chiqishga bag‘ishlandi.
Tomonlar B5+1 platformasi doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldi, bunda asosiy e’tibor IT sohasi, elektron tijorat va innovatsiyalarga qaratiladi. AQShdan venchur investitsiyalarni jalb qilish va o‘zbek startaplarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, sun’iy intellekt va ma’lumotlar bilan ishlash sohasidagi loyihalarni o‘z ichiga olgan infratuzilmani rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Alohida ravishda IT Park Uzbekistan’ning B5+1 doirasida IT yo‘nalishi koordinatori sifatida ishtiroki hamda CIPE ko‘magida San Fransiskoda Uzbekistan Digital Roadshow tadbirini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi
Uchrashuvlar yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish va loyihalarni batafsil ishlab chiqishga o‘tishga kelishib oldi. Xalqaro kompaniyalar O‘zbekistonda infratuzilmaviy va ta’lim loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganishga tayyor ekanini bildirdi.
Kutilishicha, erishilgan kelishuvlar yangi ofislar va rivojlanish markazlarini ochish, data-markazlarni rivojlantirish hamda sun’iy intellekt va bulutli texnologiyalar sohasida hamkorlikni kengaytirishga xizmat qiladi. Uzoq muddatda bu O‘zbekistonning mintaqaviy IT-xab sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashi va raqamli xizmatlar eksportini oshirishga sabab bo‘ladi.
2026-03-26