O‘zbekiston Ispaniyadagi MWC’da IT ekotizimini taqdim etdi va xalqaro hamkorlikni kengaytirdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Ispaniyada bo‘lib o‘tgan Mobile World Congress (MWC) xalqaro forumida ishtirok etdi. Ularga bosh direktorning birinchi o‘rinbosari Jahongir Rajabov rahbarligidagi IT Park Uzbekistan vakillari ham hamrohlik qildi.

Mobile World Congress — telekommunikatsiya, raqamli innovatsiyalar, startaplar, investitsiyalar va davlat sektorini raqamli transformatsiya qilish sohalarida faoliyat yurituvchi yetakchilarni birlashtiruvchi dunyodagi eng yirik texnologik tadbirlardan biri. Ushbu platforma xalqaro texnologik hamkorliklarni shakllantirish uchun global maydon vazifasini bajaradi.

Forum doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi mamlakatning IT ekotizimi va investitsion salohiyatini taqdim etib, startaplar, rezident kompaniyalar hamda GovTech yechimlarini namoyish etdi. O‘zbekiston texnologik kompaniyalari o‘z mahsulotlarini xalqaro hamjamiyatga namoyish qildi, shuningdek, global texnologik kompaniyalar, investitsiya fondlari va Yevropa innovatsion ekotizimlari vakillari bilan qator ishbilarmonlik uchrashuvlarini o‘tkazdi.

Asosiy e’tibor qo‘shma loyihalarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish, soft-landing dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda o‘zbekistonlik startaplarning xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratildi.

O‘zbekiston pavilyonida oltita kompaniya taqdim etildi: Uzinfocom, Geomotive, Moneff, A-One Project, Vades Group va Mirasoft. Ular axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, raqamli B2B platformalar, fintex, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, bulutli ERP tizimlari hamda mintaqaviy bozorlar uchun SIM-kartalar ishlab chiqarish sohalaridagi yechimlarini namoyish etdi.

Tashrif davomida Amazon Web Services (AWS) — dunyodagi eng yirik bulutli texnologiyalar provayderi vakillari bilan muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Tomonlar O‘zbekistonda AWS infratuzilmasini rivojlantirish masalasini, jumladan, AWS Outposts modelidan foydalanish hamda kompaniyaning mamlakatda yuridik shaxs ochish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish muzokaralarning asosiy mavzularidan biri bo‘ldi. Tomonlar katta til modellarini (LLM) ishlab chiqish bo‘yicha milliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, tartibga solish muhitini rivojlantirish va AI yechimlarini joriy etish masalalarini muhokama qildi. Shuningdek, o‘zbekistonlik startaplarni AWS Activate dasturiga va kompaniyaning global ekotizimiga integratsiya qilish hamda Qoraqalpog‘istonda data-markaz tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Ispaniyaning xalqaro savdoni qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkiloti ICEX vakillari bilan ham uchrashuv o‘tkazildi. O‘zbekistonning ispan texnologik kompaniyalari uchun soft-landing hab sifatidagi salohiyati muhokamalar markazida bo‘ldi. Ikki tomonlama qo‘llab-quvvatlash dasturlari, jumladan, davlat rag‘batlantirish choralari, akseleratsiya vositalari hamda o‘zbekistonlik startaplarni Ispaniya va boshqa Yevropa bozorlariga olib chiqish mexanizmlari ko‘rib chiqildi.

Bundan tashqari, delegatsiya Ispaniyaning yetakchi texnologik hududlaridan biri bo‘lgan Biskayya innovatsion ekotizimi vakillari bilan ham muloqot o‘tkazdi. Bu hududda sanoat 4.0 va raqamli texnologiyalar faol rivojlanmoqda. Tomonlar o‘zbek startaplarining BAT B Accelerator akseleratsiya dasturida ishtirok etishi hamda IT kompaniyalarni Yevropa bozoriga chiqishga tayyorlash bo‘yicha qo‘shma sessiyalar o‘tkazishni muhokama qildi.

Shuningdek, Ispaniyaning Raqamli transformatsiya vazirligi huzuridagi Red.es agentligi bilan hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning GovTech yechimlarini Ispaniya va Yevropa bozorlariga olib chiqish, raqamli mahsulotlarni sertifikatsiya qilish va mahalliylashtirish, pilot loyihalar hamda soft-landing dasturlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama qilindi. Shuningdek, Red.es vakillarining may oyida Samarqandda bo‘lib o‘tadigan GSMA Samarkand texnologik tadbiridagi ishtiroki ham muhokama qilindi.

Delegatsiya, shuningdek, iScale Group, Infineon Technologies, Provence Promotion, ACCIO, Barcelona Activa va AMETIC kabi xalqaro kompaniyalar va tashkilotlar vakillari bilan ham qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar davomida o‘zbek startaplarini xalqaro investitsiyalarni jalb qilishga tayyorlash, akseleratsiya va ochiq innovatsiyalar dasturlarida ishtirok etish, yarimo‘tkazgichlar, sun’iy intellekt va data-markazlar sohasida hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, o‘zbek IT kompaniyalarining Yevropa bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston delegatsiyasining Mobile World Congress forumidagi ishtiroki va tadbir davomida o‘tkazilgan uchrashuvlar mamlakatning IT ekotizimiga xalqaro hamkorlarning qiziqishi ortib borayotganini yana bir bor tasdiqladi. Texnologik kompaniyalar, investitsiya tashkilotlari va Yevropa innovatsion ekotizimlari vakillari bilan o‘tkazilgan muzokaralar xalqaro aloqalarni mustahkamlash, o‘zbek IT kompaniyalarining salohiyatini namoyish etish hamda raqamli texnologiyalar, startap ekotizimi va innovatsion infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha yangi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab berdi.

2026-03-11