O‘zbekiston jamoalari Bokuda sport dasturlash bo‘yicha xalqaro o‘quv yig‘inida ishtirok etdi

O‘zbekiston 2026-yil 20–27-avgust kunlari Boku shahrida bo‘lib o‘tgan 3rd International Training Camp sport dasturlash bo‘yicha xalqaro o‘quv yig‘inida to‘rtta jamoa bilan ishtirok etdi.

Yetti kun davomida jamoalar sport dasturlash bo‘yicha dunyodagi eng kuchli musobaqalardan biri hisoblangan Petrozavodsk o‘quv yig‘ini masalalarini yechdilar. Yig‘in Petrozavodsk yig‘inining “oynadagi” formati asosida o‘tkazildi: Boku va Petrozavodskdagi jamoalar bir vaqtning o‘zida bir xil masalalarni yechib, yagona xalqaro formatda bellashish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Umuman olganda, o‘quv yig‘inida dunyoning turli mamlakatlaridan 50 dan ortiq jamoa ishtirok etdi, shundan 20 ta jamoa bevosita Bokuda bellashdi. O‘zbekiston to‘rtta jamoa bilan qatnashdi. Uchta jamoa — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU), “Yangi O‘zbekiston” va Toshkentdagi M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti jamoalari — IT Park Code Cup g‘oliblari bo‘lib, ularning xalqaro yig‘inda ishtiroki IT Park Uzbekistan ko‘magida ta’minlandi. O‘zbekistonning to‘rtinchi jamoasi esa TATUning yana bir jamoasi bo‘ldi. Shuningdek, Boku maydonidagi ishtirokchilar orasida joriy yilgi finalchilar — ADA University (Ozarbayjon) va BGUIR (Belarus) jamoalari ham qatnashdi.

Yig‘in doirasida Anton Paramonov (BGUIR), Vladimir Mixaylovich Kotov (BGU), Yuriy Stepin (Yanka Kupala nomidagi Grodno davlat universiteti) va Fuad Hajiyev (ADA University) bilan uchrashuvlar ham o‘tkazildi. Uchrashuvlarda hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari hamda O‘zbekiston jamoalarining sport dasturlash sohasidagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha amaliy choralar muhokama qilindi.

O‘zbekiston jamoalari uchun yig‘inda ishtirok etish xalqaro musobaqa tajribasiga ega bo‘lish, yuqori murakkablikdagi masalalar ustida ishlash hamda turli mamlakatlardan kelgan kuchli jamoalar va murabbiylar bilan bilim almashish imkonini berdi.

IT Park Uzbekistan mamlakatda sport dasturlashni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishda davom etmoqda. IT Park Code Cup g‘oliblarining xalqaro o‘quv yig‘inlarida ishtirokini qo‘llab-quvvatlash orqali O‘zbekiston jamoalariga yuqori darajadagi tajriba orttirish va yirik xalqaro musobaqalardagi ishtiroklarga tayyorgarlik ko‘rish imkoniyati yaratilmoqda.

2026-08-28