O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov hamda IT Park Uzbekistan vakillari Meta kompaniyasining Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi davlat siyosati, strategiya va kampaniyalar bo‘yicha direktori Bet Enn Lim bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar mamlakat raqamli iqtisodiyotini yanada rivojlantirish, texnologik tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar orasida raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan yangi tashabbuslarni muhokama qildi.

Muzokaralar davomida raqamli iqtisodiyot uchun mutaxassislar tayyorlash va yoshlarning kasbiy rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Raqamli texnologiyalar vazirligi vakillari O‘zbekistonda startap ekotizimining jadal rivojlanayotgani, texnologik tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar hamda innovatsiyalarni rag‘batlantirishga qaratilgan tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.

Meta vakillari mamlakatning startap sektorini rivojlantirishdagi yutuqlarini yuqori baholab, mahalliy startaplarni qo‘llab-quvvatlash, innovatsion yechimlarni joriy etish va o‘zbek kompaniyalarining xalqaro bozorlarga chiqishiga ko‘maklashish maqsadida hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuvning asosiy mavzularidan biri Small Business Growth Academy dasturining ishga tushirilishi bo‘ldi. Bu Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi ilk shunday tashabbus hisoblanadi. Dastur Meta’ning biznes uchun mo‘ljallangan zamonaviy sun’iy intellekt vositalari, jumladan, Advantage+ va Meta Business Agent platformalarini amaliy ta’lim bilan birlashtiradi. Ta’lim jarayonlari sertifikatlangan mahalliy hamkor — CoobX tomonidan amalga oshiriladi. Tashabbus startaplar, yoshlar hamda kichik va o‘rta biznes vakillari orasida raqamli va AI kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.

Tomonlar bunday loyihalar kelajak kadrlari tayyorlash, yangi ish o‘rinlari yaratish va O‘zbekiston raqamli iqtisodiyoti uchun yuqori malakali mutaxassislar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
Shuningdek, uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun mavjud imkoniyatlar, jumladan, soliq imtiyozlari va Incentives dasturi doirasidagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari haqida ma’lumot berildi. Ushbu imkoniyatlar xalqaro texnologik kompaniyalar va startaplarni O‘zbekistonga jalb etishga xizmat qilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari kiberxavfsizlik sohasidagi hamkorlik istiqbollariga ham alohida e’tibor qaratdi. Tomonlar tajriba almashish, raqamli platformalar xavfsizligini oshirish va ushbu yo‘nalishda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, innovatsiyalar, tadbirkorlik, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va kiberxavfsizlik yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada mustahkamlashga tayyor ekanini tasdiqladi.
Meta bilan hamkorlikning kengayishi O‘zbekiston raqamli ekotizimini rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi, sun’iy intellekt texnologiyalarining joriy etilishini tezlashtiradi hamda startaplar va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashni kuchaytiradi. IT Park Uzbekistan uchun esa bu xalqaro texnologik kompaniyalarni jalb qilish, innovatsion loyihalarni rivojlantirish va global bozorda raqobatlasha oladigan malakali mutaxassislarni tayyorlashda qo‘shimcha vosita bo‘lib xizmat qiladi.
2026-06-17