O‘zbekiston Stanford va OpenAI bilan hamkorlikda AI Leaders 2026 dasturini ishga tushirdi

O‘zbekistondagi 25 dan ortiq yetakchi tashkilotlardan 100+ rahbar AI Leaders 2026 executive ta’lim dasturiga qo‘shildi. Loyiha Stanford University Human-Centered Artificial Intelligence Institute, OpenAI Academy va Silkroad Innovation Hub hamkorligida amalga oshirilmoqda. 

Dastur 2026-yil 8-aprel kuni rasman ishga tushirildi. U sun’iy intellekt sohasida rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan, yetakchi xalqaro universitetlar bilan hamkorlik orqali yangi avlod liderlarini tayyorlash strategiyasiga mos keladi. 

Ishtirokchilar qatorida davlat organlari, moliya sektori, texnologik kompaniyalar va ta’lim muassasalari vakillari mavjud. Ular orasida Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, IT Park Uzbekistan, Kapitalbank va boshqa yirik tashkilotlar bor. 

AI Leaders 2026 Markaziy Yevrosiyo mintaqasidagi eng yirik AI leadership dasturi hisoblanadi. U nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirib, ishtirokchilarga AI asoslarini o‘rganish, zamonaviy vositalarni egallash hamda o‘z tashkilotlari uchun individual AI strategiyalarini ishlab chiqish imkonini beradi. 

Dastur 8 hafta davom etadi va 30+ soatlik mashg‘ulotlarni o‘z ichiga oladi. Mashg‘ulotlar o‘zbek, rus va qozoq tillariga sinxron tarjima bilan olib boriladi. Dastur akademik direktori — Peter Norvig, sun’iy intellekt sohasidagi yetakchi mutaxassislardan biri. 

Shuningdek, dasturda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ozarbayjon va Turkiya kabi davlatlardan ishtirokchilar qatnashmoqda. Umuman olganda, tashabbus 150 dan ortiq tashkilotni birlashtiradi. 

Dastur yakunida ishtirokchilar Stanford HAI sertifikatiga ega bo‘ladi va Markaziy Yevrosiyodagi eng yirik AI leadership hamjamiyatiga qo‘shiladi. 

 

2026-04-28