O‘zbekiston va Fransiya autsorsing va startaplar sohasida hamkorlikni mustahkamlamoqda

IT Park Uzbekistan bosh direktori Abdulaxad Kuchkarov Fransiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Oreliya Bushe bilan muzokaralar o‘tkazdi. Tomonlar Fransiya kompaniyalari va startap ekotizimlari bilan hamkorlikni muhokama qildilar.

Uchrashuvda Fransiya va O‘zbekiston o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari ko‘rib chiqildi. IT Park Uzbekistan rahbariyati tashkilot faoliyati, joriy loyihalari, shuningdek, tashkilotning Fransiya rezident kompaniyalari haqida ma’lumot berdi. Bundan tashqari, Yevropaning eng yirik startap-hablaridan biri — “Station F” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Station F — Parijda joylashgan Yevropadagi eng yirik startap kampus. U mingdan ortiq startaplar, yetakchi akseleratorlar, venchur fondlar, biznes farishtalar va yirik korporativ hamkorlarni o‘z ichiga oladi. “Station F” bazasida “Facebook”, “Microsoft”, “Ubisoft” kabi global kompaniyalar, shuningdek, yetakchi fransuz va xalqaro inkubatorlar faoliyat yuritadi. Ushbu markaz bilan hamkorlik O‘zbekiston startaplari uchun xalqaro akseleratsiya dasturlarida ishtirok etishdan tortib, Yevropa bozoriga chiqish va investitsiyalarni jalb qilishgacha bo‘lgan yangi imkoniyatlarni ochadi.

AKT sohasida ayollarni qo‘llab-quvvatlash tashabbuslarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. 2024-yil oktyabr oyida Fransiyaning “Women in Tech” xalqaro tashkiloti bilan memorandum imzolandi. Ushbu kelishuv doirasida qizlar va ayollarning IT sohasidagi kasbiy ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda, shuningdek, ularga eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalarga ishga joylashish va o‘z startaplarini xorijiy bozorlarda ilgari surishda ko‘maklashilmoqda.

Bundan tashqari, mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik boshqa yo‘nalishlarda ham faol rivojlanmoqda. 2025-yil aprel oyida IT Park Uzbekistan va Fransiya-O‘zbekiston iqtisodiy palatasi (CCIFO) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. 2025-yil iyun oyida IT Park vakillari Yevropaning eng yirik texnologik tadbiri — “Viva Technology 2025” ko‘rgazmasida ishtirok etishdi. 17-iyun kuni Parijda O‘zbekistonning Fransiyadagi elchixonasi ko‘magida tashkil etilgan “Uzbekistan Outsourcing Conference” milliy IT-salohiyatni targ‘ib qilish va fransuz biznesi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish uchun yana bir muhim platformaga aylandi.

IT Park Uzbekistan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va mutaxassislar, startaplar hamda kompaniyalar uchun yangi imkoniyatlar yaratishni davom ettiradi. Bunday uchrashuvlar O‘zbekistonning Yevropa mamlakatlaridagi yetakchi kompaniyalar uchun ishonchli hamkor bo‘lish, shuningdek, mintaqadagi global IT-habga aylanish intilishini tasdiqlaydi.

2025-07-07