O‘zbekiston va OTB Nurafshonda Kelajak texnologiyalari markazini tashkil etish bo‘yicha memorandum imzoladi

21-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va Osiyo taraqqiyot banki (OTB) vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv doirasida Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida raqamli texnologiyalar ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishni nazarda tutuvchi UPGRADE loyihasi bo‘yicha Anglashuv memorandumi imzolandi. 

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov boshchiligidagi vazirlik delegatsiyasi hamda IT Park Uzbekistan bosh direktori Azamat Karamatov ishtirok etdi. Osiyo taraqqiyot banki tomonidan OTBning O‘zbekistondagi doimiy vakolatxonasi direktori Kanokpan Lao-Araya boshchiligidagi delegatsiya qatnashdi. 

Memorandum O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Sultonov va OTB Raqamli sektor departamentining raqamli transformatsiya bo‘yicha bosh mutaxassisi Yoonee Jeong tomonidan imzolandi.  

UPGRADE loyihasi Nurafshon shahrida ilmiy tadqiqotlar va ishlanmalar, yuqori unumdor hisoblash infratuzilmasi, ixtisoslashtirilgan texnologik laboratoriyalar, kadrlar tayyorlash hamda texnologik yechimlarni tijoratlashtirish mexanizmlarini birlashtiradigan ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etishni nazarda tutadi. 

Raqamli texnologiyalar vazirligi loyihaning tashabbuskori va ijrochi agentligi, IT Park Uzbekistan esa loyihani amalga oshiruvchi agentlik sifatida faoliyat yuritadi. Loyihani 2027-yilning II choragidan 2032-yilning II choragigacha amalga oshirish rejalashtirilgan.

Loyihaning umumiy qiymati 200 million AQSh dollariga baholanmoqda. Moliyalashtirish O‘zbekiston Respublikasining davlat kafolati ostida Osiyo taraqqiyot bankining suveren krediti hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Loyihaning asosiy vazifalaridan biri amaliy tadqiqotlar va prototiplar ishlab chiqishdan boshlab, ularni sinovdan o‘tkazish, sertifikatlash, tijoratlashtirish hamda texnologik yechimlarni ichki va xalqaro bozorlarga olib chiqishgacha bo‘lgan to‘liq siklli ekotizimni shakllantirishdan iborat.

Loyiha doirasida 300 ta ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik loyihasini amalga oshirish, 100 ta texnologik startapni inkubatsiya qilish, shuningdek, raqamli va deeptech yo‘nalishlarida 3 000 ta ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan. Qo‘llab-quvvatlangan loyihalarning umumiy yillik daromadini kamida 50 million AQSh dollariga yetkazish ham maqsadli ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi.

Loyiha O‘zbekistonning ilmiy-tadqiqot va texnologik infratuzilmasini rivojlantirish, istiqbolli ishlanmalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, mutaxassislar tayyorlash, shuningdek, innovatsion yechimlarni tijoratlashtirish va ularni xalqaro bozorlarga olib chiqish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan. 

2026-09-22