Oʻzbekiston va Serbiya IT sohasida hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent shahrida Oʻzbekiston–Serbiya biznes-forumi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Jamshid Xodjayev, Serbiya Bosh vazirining oʻrinbosari va iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich hamda IT Park Uzbekistan bosh direktorining birinchi oʻrinbosari Jahongir Rajabov ishtirok etdi. Tomonlar IT-autsorsing sohasida hamkorlik, qoʻshma loyihalarni ishga tushirish va investitsiyalarni jalb etish, jumladan, data-markazlar va venchur fondlarini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Oʻzbekiston–Serbiya biznes-forumi 2026-yil 20-fevral kuni Toshkent shahrida serb delegatsiyasining rasmiy tashrifi doirasida oʻtkazildi. Tadbirda 80 dan ortiq tadbirkorlar, shuningdek, ikki davlatning davlat organlari va biznes vakillari ishtirok etdi. Dastur doirasida investitsion salohiyat taqdimotlari, chiqish nutqlari hamda savdo, investitsiya va qoʻshma loyihalarni rivojlantirishga qaratilgan B2B va G2B formatidagi muzokaralar boʻlib oʻtdi.

Forum doirasida Jahongir Rajabov Oʻzbekistonni rivojlanib borayotgan IT-xab sifatida taqdim etdi. U mamlakatda IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun qulay sharoitlarga ega raqamli ekotizim yaratilganini taʼkidladi. Rezidentlar uchun korporativ va ijtimoiy soliqlar boʻyicha nol stavkalar amal qilishi, kompaniyalarni roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni soddalashtirilgani, xorijiy mutaxassislar uchun esa ish ruxsatnomasi talab etilmasligi haqida batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Tomonlar BPO, KPO va IT-autsorsing sohasidagi hamkorlik modeliga alohida eʼtibor qaratdilar. Serbiya Yevropa Ittifoqi bozori uchun “front office” sifatida, Oʻzbekiston esa raqobatbardosh xarajatlar va ortib borayotgan kadrlar salohiyatiga ega kengaytiriladigan “back office” maydoni sifatida xizmat qilishi mumkin. Shuningdek, Qoraqalpogʻistonda imtiyozli rejim va elektr energiyasi uchun maxsus tariflar asosida data-markazlar qurilishiga investitsiya kiritish imkoniyati ham muhokama qilindi.

Bundan tashqari, qoʻshma venchur fondini tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. Mazkur fond oʻzbek startaplariga Yevropa bozoriga chiqish, serb startaplariga esa Markaziy Osiyo hududida kengayish imkonini beradi.

Serbiya tomoni bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan uchun eksport geografiyasini kengaytirish, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etish hamda Oʻzbekistonning Yevropa va Markaziy Osiyo oʻrtasidagi strategik raqamli platforma sifatidagi mavqeini mustahkamlash borasida yangi imkoniyatlarni ochadi.

 

2026-02-25