Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli rivojlanish vaziri Sherzod Shermatov hamda Serbiya Respublikasi Bosh vazir oʻrinbosari va iqtisodiyot vaziri Adriana Mesarovich oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Muzokaralarda IT Park Uzbekistan rahbariyati hamda ikki mamlakatning tegishli idoralari vakillari ham ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida tomonlar raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini muhokama qildi. IT-sanoatni rivojlantirish, sun’iy intellekt sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ma’lumotlarni qayta ishlash markazlarini rivojlantirish, shuningdek, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot tarmoqlarini raqamlashtirish boʻyicha tajriba almashish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Tashrif doirasida Serbiya delegatsiyasi IT Park Uzbekistan’ga tashrif buyurdi. IT Park vakillari milliy IT-ekotizim rivoji, rezidentlar uchun amaldagi soliq va infratuzilma imtiyozlari, eksportga yoʻnaltirilgan kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash choralari hamda startaplarni rivojlantirish mexanizmlari haqida ma’lumot berdi. Xorijiy investorlar uchun mavjud imkoniyatlarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Delegatsiya, shuningdek, UzSOC kiberxavfsizlik markaziga tashrif buyurdi. Serbiya tomoniga real vaqt rejimida monitoring tizimlari, tahliliy vositalar va kiberholatlarga javob berish mexanizmlari, shuningdek, davlat organlari va strategik infratuzilmani himoya qilish choralari namoyish etildi. UZINFOCOM faoliyati bilan tanishuv davomida davlat axborot tizimlari, elektron hukumat infratuzilmasi va data-markazlar quvvatlari taqdim etildi.
Muzokaralar davomida tomonlar BPO va IT-autsorsing yoʻnalishlarini birgalikda rivojlantirish istiqbollari, qoʻshma venchur tashabbuslarini yaratish imkoniyatlari hamda ikki mamlakat innovatsion markazlari oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalarini ham muhokama qildi. Serbiya tomoni superkompyuter infratuzilmasini rivojlantirish va data-markazlar quvvatlarini kengaytirish boʻyicha tajribasi bilan oʻrtoqlashdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki tomonlama texnologik hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashish va raqamli iqtisodiyot sohasida qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyor ekanini tasdiqladi.
Oʻzbekiston va Serbiya oʻrtasidagi hamkorlik investitsiyalarni jalb etish, IT-kompaniyalarning eksport salohiyatini kengaytirish hamda milliy raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi.
2026-02-23