O‘zbekiston va Yaponiya ICT WEEK 2026 doirasida texnologik hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini belgiladi

ICT WEEK Uzbekistan 2026 doirasida Uzbek–Japan Digital Community Forum bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston va Yaponiyaning davlat idoralari, texnologik kompaniyalari, investorlar va innovatsion ekotizim vakillarini bir maydonda birlashtirdi.

Forum ishtirokchilari ikki mamlakat o‘rtasidagi raqamli hamkorlikni rivojlantirish, investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda texnologik kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonovning kirish so‘zi bilan boshlandi. U O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi texnologik hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakat innovatsion ekotizimlari o‘rtasida amaliy aloqalarni rivojlantirish muhimligini ta’kidladi.

Forumda Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Kenji Hirata, Yaponiya Ichki ishlar va kommunikatsiyalar vazirligi vitse-vaziri Hideo Fuseda, JETRO Toshkent ofisi direktori Yuta Ichinose, Headline Asia VC hamkori Kazuhiro Oyoshi hamda 01Booster Inc. ijrochi direktori Takeru Kawashima ishtirok etdi.

Muhokamalar davomida O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlikning amaldagi natijalari, raqamli hamjamiyatni rivojlantirish, startap va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb etish hamda kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishi uchun yangi imkoniyatlar ko‘rib chiqildi.

Forum ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy va texnologik aloqalar izchil kengayib borayotgan bir paytda o‘tkazildi. 2024-yilda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi savdo aylanmasi 35 foizga oshdi, yetakchi Yaponiya kompaniyalari va banklari ishtirokidagi loyihalar portfeli esa 12 milliard AQSh dollaridan oshdi. O‘zbekistonda Yaponiya kapitali ishtirokidagi qariyb 100 ta korxona va tashkilot faoliyat yuritmoqda.

Texnologiyalar sohasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanmoqda. Forumda taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, qariyb ikki yil ichida IT Park rezidenti maqomiga ega Yaponiya kompaniyalari soni 2 tadan 25 taga yetdi. Bu O‘zbekiston texnologik ekotizimiga Yaponiya biznesining qiziqishi ortib borayotganini ko‘rsatadi.

Tomonlar hamkorlikni aniq texnologik loyihalar, investitsiyaviy tashabbuslar va kompaniyalarning yangi bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash orqali yanada amaliy bosqichga olib chiqish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

Forum doirasida O‘zbekiston startap ekotizimining Yaponiya innovatsion infratuzilmasi bilan aloqalarini kengaytirishga ham alohida e’tibor qaratildi. Xususan, Tokyo Innovation Base bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda 01Booster bilan birgalikda o‘zbekistonlik innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ularning Yaponiya bozoriga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslar muhokama qilindi.

Uzbek–Japan Digital Community Forum davlat idoralari, investorlar, innovatsion tashkilotlar va texnologik kompaniyalar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni mustahkamlash, Yaponiya kompaniyalari uchun O‘zbekistondagi, O‘zbekiston texnologik kompaniyalari uchun esa Yaponiya bozoridagi yangi imkoniyatlarni aniqlash uchun muhim muloqot maydoniga aylandi. 

2026-09-22