Toshkentda infratuzilma va aqlli shaharlarni rivojlantirishga bagʻishlangan oʻzbek-yapon biznes forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirda davlat tashkilotlari hamda yapon kompaniyalari vakillari ishtirok etib, infratuzilma, raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.

Forumda Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vaziri oʻrinbosari Jamol Maqsudov, IT Park Uzbekistan strategik rivojlanish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova, Oʻzbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri oʻrinbosari Ilzat Qosimov, shuningdek, Yaponiya Yer, infratuzilma, transport va turizm vaziri oʻrinbosari Yoshimichi Terada hamda yapon kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Forum doirasida ishtirokchilar infratuzilma va shahar texnologiyalarini rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini taqdim etdi. Yapon kompaniyalari va tadqiqot tashkilotlari vakillari shahar rejalashtirish, transport tizimlarini rivojlantirish va aqlli shahar texnologiyalarini joriy etish masalalariga bagʻishlangan ma’ruzalar bilan chiqish qildi. Oʻzbekiston tomonidan infratuzilmani rivojlantirish, Yangi Toshkent qurilishi, shuningdek, texnologiya va urbanistika sohasidagi investitsiya imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.

IT Park Uzbekistan bosh direktori oʻrinbosari Mahliyo Muxsinova Oʻzbekistonning mintaqadagi rivojlanayotgan IT-hab sifatidagi salohiyatini qayd etdi. U oʻz taqdimotida xalqaro kompaniyalar uchun mavjud imkoniyatlar, jumladan, kuchli inson kapitali, IT Park Uzbekistan rezidentlari uchun soliq imtiyozlari, shuningdek, startap ekotizimi va sun’iy intellekt sohasidagi loyihalar rivoji haqida soʻz yuritdi.

Yapon hamkorlari bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ga xalqaro aloqalarni kengaytirish, texnologik kompaniyalar va investorlarni jalb qilish, shuningdek, Oʻzbekistonda startap ekotizimi, tadqiqotlar va innovatsion loyihalar rivojini yanada kuchaytirish imkonini beradi.
2026-03-05