O‘zbekiston va Yaponiya IT sohasida strategik hamkorlikni mustahkamlamoqda

O‘zbekiston yangi raqamli va autsorsing markazi sifatidagi o‘rnini ishonch bilan mustahkamlab bormoqda. Buning yaqqol tasdig‘i — yaqinda amalga oshirilgan IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Yaponiyaga xizmat safari bo‘ldi. Mazkur tashrif mintaqadagi yetakchi texnologik kompaniyalar bilan uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda muhim bosqich bo‘lib xizmat qildi. 

IT Park Uzbekistan xizmatlar eksportini rivojlantirish bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova boshchiligidagi delegatsiya Yaponiyaning IT, muhandislik, konsalting va raqamli yechimlar sohalarida faoliyat yurituvchi qator kompaniyalari bilan muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Muzokaralar yakunida IT-xizmatlar eksportini kengaytirish, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonning bilimlar va innovatsiyalar markazi sifatidagi salohiyatini namoyon etishga xizmat qiluvchi kelishuvlarga erishildi.   

Kelajak muhandisligi: Outsourcing Technology Inc.

Tashrif doirasidagi asosiy tadbirlardan biri — “Outsourcing Technology Inc.” kompaniyasi bilan strategik muzokaralar bo‘ldi. U muhandislik va IT-autsorsing sohasidagi Yaponiyaning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Uchrashuvda kadrlar tayyorlash, texnologiyalarni transfer qilishva mutaxassislarning xalqaro mobilligini ta'minlash masalalari muhokama qilindi. O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan “Japan Digital University” faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi, uning ilk bitiruvchilari allaqachon Yaponiya kompaniyalarida ishlab, ikki mamlakatning innovatsion ekotizimlari o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratmoqda.  

Ultra X O‘zbekistonda o‘z ofisini ochmoqda

Ultra X” kompaniyasi bosh direktori Tatsuya Hattori Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “Global Business Services Forum 2025”da ishtirok etishini tasdiqladi va 2025-yil yozida O‘zbekistonda o‘z ofisini ochish rejalari haqida e’lon qildi. Kompaniya shu bilan birga talabalar va IT-mutaxassislar uchun hakatonlar tashkil etishni ham rejalashtirmoqda. G‘oliblar barcha xarajatlari to‘liq qoplangan holda Yaponiyada pullik amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar. 

Smart City sun’iy intellekt yechimlari bilan O‘zbekiston bozoriga chiqmoqda

Tokioda joylashgan “Smart City” (SMC-Tech) kompaniyasi — dunyoning 10 dan ortiq mamlakatida yo‘l infratuzilmasini boshqarishga qaratilgan AI-tizimlarini joriy qilgan yetakchi kompaniyalardan biri — O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishga tayyor ekanini bildirdi. Texnik qo‘llab-quvvatlash va ma’lumotlarni belgilash bo‘yicha mutaxassislarni yollash rejalashtirilmoqda. Kompaniyaning taqdimoti Toshkentda o‘tkaziladigan “ICT Week 2025” doirasida, “JETRO” tomonidan tashkil etiladigan “Japan Pavilion” stendida bo‘lib o‘tishi ko‘zda tutilgan.   

IGPI Markaziy Osiyo imkoniyatlarini o‘rganmoqda

Yaponiyaning yetakchi konsalting kompaniyalaridan biri — “IGPI” (Industrial Growth Platform Inc.) — Tokio shahrida IT Park delegatsiyasini qabul qilib, O‘zbekistonning investitsion va biznes salohiyatini muhokama qildi. Osiyo va Yevropada ofislarga ega bo‘lgan kompaniya O‘zbekistonni Markaziy Osiyo bozorlariga kirish uchun istiqbolli platforma sifatida ko‘rib chiqmoqda va keyingi muzokaralar uchun Toshkentga taklif etilgan.  

JETRO Yaponiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi asosiy ko‘prik

Yaponiyaning tashqi savdo bo‘yicha tashkiloti “JETRO” safarning strategik hamkoriga aylandi. Tashkilot prezidenti prezidenti Norihiko Ishiguro bilan uchrashuv doirasida tomonlar Toshkentda bo‘lib o‘tadigan “ICT Week” doirasida “Japan Pavilion” tashkil etish va O‘zbekistonning texnologik markaz sifatidagi imijini ilgari surish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Rejalar qatoriga PR-kampaniyalar, videomateriallar, ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, shuningdek, Yaponiyada IT Park vakolatxonasini ochishni qo‘llab-quvvatlash kiradi.  

Mazkur tashrif O‘zbekistonni global raqamli texnologiyalar sohasidagi o‘yinchi sifatida sifatida ilgari surish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi. Imzolangan kelishuvlar IT-xizmatlar eksportini kengaytirish, yuqori malakali ish o‘rinlarini yaratish, investitsiyalar oqimini oshirish va xalqaro hamkorlikni shakllantirish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda.  

Yaponiyaning yetakchi kompaniyalari ko‘magida O‘zbekiston global texnologik zanjirlarning muhim bo‘g‘iniga aylanib bormoqda — chetda emas, balki natijaga yo‘naltirilgan ishonchli hamkor sifatida. Raqamli transformatsiya qonun-qoidalarni o‘zgartirayotgan bugungi dunyoda, O‘zbekiston texnologiyalar, iqtidorlar va ishonch kesishgan nuqtada o‘z munosib o‘rnini ishonch bilan egallamoqda.   

2025-05-16