O‘zbekistonda 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh internetini ishga tushirish rejalashtirilmoqda

Qozogʻistonning Shimkent shahrida raqamli rivojlanish va texnologiyalar masalalariga bag‘ishlangan Digital Qazaqstan 2026 xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi. Unda hukumatlar, texnologik kompaniyalar, startaplar va xalqaro tashkilotlar vakillari, jumladan, IT Park Uzbekistan delegatsiyasi ishtirok etdi.

Forum doirasida O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov mamlakatda 2026-yilda sun’iy yo‘ldosh internetini sinov rejimida ishga tushirish rejalashtirilayotganini ma’lum qildi. Loyiha chekka va borish qiyin bo‘lgan hududlarni aloqa bilan ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, operatorlarni qo‘llab-quvvatlash choralarini, jumladan, soliq imtiyozlarini ham nazarda tutadi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekiston raqamlashtirish sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Keng polosali internet qamrovi deyarli to‘liq darajaga yetdi, tarmoqning o‘tkazuvchanlik qobiliyati esa sezilarli darajada oshdi.

Shuningdek, forumda sun’iy intellekt va Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlarining raqamli rivojlanishi masalalariga bag‘ishlangan panel sessiyasi ham bo‘lib o‘tdi. Unda IT Park Uzbekistan bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Jahongir Rajabov ishtirok etdi.

Uning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda sun’iy intellektni rivojlantirish davlat siyosati darajasida olib borilmoqda. Bugungi kunda mamlakatda sog‘liqni saqlash, energetika, transport va davlat boshqaruvi kabi turli sohalarda qariyb 200 ta AI loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, infratuzilma va mutaxassislar tayyorlash ham rivojlanmoqda: hisoblash quvvatlari kengaytirilmoqda, ixtisoslashgan laboratoriyalar tashkil etilmoqda, shuningdek, davlat xizmatchilari uchun ham o‘quv dasturlari yo‘lga qo‘yilmoqda.

Sun’iy yo‘ldosh aloqasi, sun’iy intellekt va startap ekotizimi kabi yo‘nalishlarning rivojlanishi mamlakatning umumiy raqamli transformatsiya yo‘lidagi kursini aks ettiradi. IT Park Uzbekistan texnologik loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va IT hamjamiyatni rivojlantirishni davom ettirib, raqamli iqtisodiyot o‘sishi uchun sharoit yaratmoqda.

 

2026-03-31