O‘zbekistonda kompaniyalar uchun imtiyozlar ko‘zda tutadigan Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi ishga tushiriladi

O‘zbekistonda “Enterprise Uzbekistan” brendi ostida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazini tashkil etish rejalashtirilmoqda. Markaz uchun 2100-yilgacha amal qiladigan maxsus huquqiy rejim nazarda tutilgan. 

Ushbu loyiha mamlakatni Markaziy Osiyodagi yirik IT habga aylantirish strategiyasining bir qismi bo‘lishi kutilmoqda. Markaz konsepsiyasi xalqaro tajriba va mahalliy imkoniyatlarni birlashtiruvchi o‘ziga xos texnologik ekotizimni shakllantirishni nazarda tutadi. 

Markaz “tartibga solish qumdoni” formatida faoliyat yuritadi. Bu kompaniyalarga yangi mahsulot va yechimlarni soddalashtirilgan sharoitlarda sinab ko‘rish imkonini beradi. Gap, jumladan, moliyaviy xizmatlar va boshqa eksperimental raqamli mahsulotlarni amaldagi me’yorlarni buzish xavfisiz ishlab chiqish haqida bormoqda. Xususan, rezidentlar ish haqlarini xorijiy valyutada to‘lashi, xalqaro mehnat standartlarini joriy qilishi va shaxsga doir maʼlumotlarni xalqaro standartlar va bulutli texnologiyalar asosida qayta ishlashi mumkin bo‘ladi. Bu xorijiy mutaxassislar va IT kadrlarni jalb qilishni osonlashtirishi kerak. 

Markazni tashkil etish doirasida ishga xalqaro konsalting kompaniyalari va xorijiy ekspertlarni jalb etish rejalashtirilmoqda. Ularning ishtirokida Raqamli texnologiyalar xalqaro markazi to‘g‘risidagi qonun loyihasi allaqachon ishlab chiqilgan. 

Ishtirokchilar uchun intellektual mulkni himoya qilish, investitsiyalar jalb qilish va startaplarni rivojlantirish bo‘yicha qulay sharoitlar yaratiladi. Shuningdek, soliq va bojxona imtiyozlari hamda eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash nazarda tutilgan. Imtiyozlar, xususan, yuqori texnologiyali uskunalar importiga taalluqli bo‘ladi, shuningdek, venchur investitsiyalarni jalb qilish va startaplarni xalqaro bozorlarga olib chiqishga alohida e’tibor qaratiladi. 

Sunʼiy intellekt, raqamli transformatsiya, tadqiqot va ishlanmalar, sertifikatlashtirish, startaplarni ishga tushirish hamda maʼlumotlar markazlarini rivojlantirish markaz faoliyatining asosiy yoʻnalishlari bo‘ladi. Shuningdek, IT mahsulotlar va mutaxassislarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash hamda ma’lumotlarni saqlash infratuzilmasini rivojlantirish rejalashtirilgan. 

Joriy yilda O‘zbekistonda raqamli texnologiyalar sohasidagi yirik tadbirlar doirasida markazni xorijiy kompaniya va investorlar orasida targ‘ib qilish uchun alohida dastur rejalashtirilgan. 

Enterprise Uzbekistan — texnologik biznesni rivojlantirish markazi va global texnologik hab. U Kremniy vodiysining innovatsion masshtabi va Delaverning korporativ ishonchliligini birlashtirib, texnologiya, kompetensiya va monetizatsiya sinergiyasida ishlaydigan, biznesni birlashtiruvchi noyob ekotizim yaratadi. Uning maqsadi — ilg‘or raqamli yechimlar orqali intellektual kapitalni barqaror iqtisodiy resursga aylantirish. 

Markaz 2030-yilgacha 1 mingtagacha kompaniyani jalb qilishi, 300 mingdan ziyod ish oʻrni yaratishi va 5 milliard dollarlik eksport salohiyatiga chiqishi kutilmoqda. Loyiha yoshlar orasida IT ta’limi va bandlikning o‘sish omili sifatida ham ko‘rib chiqilmoqda. Bir qator yirik xalqaro texnologik kompaniyalar allaqachon tashabbusga qiziqish bildirmoqda. 

2026-03-25