Yoshlar bilan ochiq muloqot davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev startaplarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashni kengaytirish haqida eʼlon qildi. President Tech Awards tanlovi mukofot jamgʻarmasi 5 million dollargacha oshiriladi, 40 ta eng yaxshi yoshlar loyihasi 2 milliard soʻm miqdorida moliyalashtiriladi, shuningdek, Samarqandda “Take Off” xalqaro startap sammiti oʻtkaziladi.
Ochiq muloqot 24-fevral kuni “Koʻksaroy” qarorgohida boʻlib oʻtdi va unda Qoraqalpogʻiston, viloyatlar hamda Toshkent shahridan 60 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Uchrashuv yoshlar uchun taʼlim olish, bandlikni taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va tashabbuslarni amalga oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga bagʻishlandi.
Muhokamaning asosiy yoʻnalishlaridan biri startap-ekotizimni rivojlantirish boʻldi. Prezidentning maʼlum qilishicha, 40 ta eng yaxshi yoshlar startapi umumiy 2 milliard soʻm miqdorida moliyaviy qoʻllab-quvvatlanadi. Mablagʻlar loyihalarni rivojlantirish va kengaytirish, innovatsiyalarni joriy etish hamda yangi bozorlarga chiqish uchun yoʻnaltiriladi.
Shuningdek, “Oʻsish va rivojlanish (Upshift)” loyihasi doirasida 2026-yilda media, dizayn, hunarmandchilik, ishlab chiqarish va innovatsiyalar yoʻnalishlari boʻyicha tanlovlar oʻtkazish rejalashtirilgan.
Muloqot davomida davlat rahbari “Raqamli texnologiyalar sohasidagi eng yaxshi startap” — President Tech Award tanlovi gʻoliblarining taqdimoti bilan tanishdi. Tanlov 2023-yildan buyon Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki direksiyasi tomonidan Raqamli texnologiyalar vazirligi koʻmagida oʻtkazib kelinmoqda. Hozirgacha uning mukofot jamgʻarmasi 1 million dollarni tashkil etgan.
Prezident President Tech Awards umumiy mukofot jamgʻarmasini 5 million dollargacha oshirish boʻyicha topshiriq berdi. Avval birinchi oʻrin uchun 100 ming dollar, ikkinchi oʻrin uchun 50 ming dollar, uchinchi oʻrin uchun esa 25 ming dollar belgilangan edi. Davlat rahbarining taʼkidlashicha, ushbu qaror startaplarni qoʻllab-quvvatlash va yosh dasturchilarni ragʻbatlantirishga qaratilgan.
Qayd etilishicha, tanlovga qiziqish ortib bormoqda: birinchi mavsumda 4 mingdan ortiq ishtirokchi qatnashgan boʻlsa, 2025-yilga kelib ularning soni 6 ming nafarga yetgan, jamoalar soni esa 444 tadan 862 taga oshgan.
Bundan tashqari, joriy yilda Samarqandda “Take Off” xalqaro startap sammitini oʻtkazish rejalashtirilgan. Kutilishicha, tadbir yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish, innovatsion loyihalarni qoʻllab-quvvatlash va xalqaro hamkorlikni kengaytirish uchun muhim maydonga aylanadi.
Prezident davlat kichik startaplar yirik loyihalar va barqaror biznesga aylanishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga tayyor ekanini taʼkidladi. Moliyalashtirishni kengaytirish va mukofot jamgʻarmasini oshirish IT Park Uzbekistan uchun istiqbolli jamoalarni jalb etish, yangi texnologik mahsulotlarni ishga tushirish hamda rezidentlar oʻsishini jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Bu esa koʻproq loyihalarning dastlabki bosqichlardan muvaffaqiyatli oʻtishi, bozordagi oʻrnini mustahkamlashi va IT Park Uzbekistan infratuzilmasi hamda ekspert koʻmagida kengayishiga xizmat qiladi.
2026-02-24