O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev President Tech Award tanlovining umumiy mukofot jamg‘armasini $5 mlnga yetkazish bo‘yicha topshiriq berdi.
Davlat rahbari mazkur qaror startaplarni qo‘llab-quvvatlash, yosh dasturchilarni rag‘batlantirish hamda mamlakatda texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish maqsadida qabul qilinganini ta’kidladi. Shu kungacha tanlovning mukofot jamg‘armasi $1 mlnni tashkil etib, 1-o‘rin sohiblari $100 ming, 2-o‘rin egalari $50 ming, 3-o‘rin sovrindorlari esa $25 ming miqdorida mukofot bilan taqdirlanib kelgan.
Yangi tartibga ko‘ra, ajratiladigan jamg‘arma mablag‘ining 1 mln dollari grantlar ko‘rinishida, qolgan 4 mln dollari esa venchur investitsiyalari shaklida taqdim etilishi rejalashtirilmoqda. Bu esa tanlov imkoniyatlarini kengaytirib, texnologik startaplar uchun qo‘shimcha moliyaviy resurslar va loyiha ko‘lamini kengaytirish imkoniyatlarini yaratadi.
Ma’lumot uchun, President Tech Award 2023-yilda Prezident tashabbusi bilan texnologiyalar sohasidagi asosiy milliy tanlov sifatida ta’sis etilgan. Shu vaqtga qadar tanlov 13 mingdan ortiq ishtirokchi hamda 1,5 mingdan ziyod loyihani birlashtirdi. Avvalgi mavsumlar yakunlari bo‘yicha 400 dan ortiq ish o‘rni yaratildi, startaplar esa nafaqat O‘zbekiston bozorida, balki xalqaro maydonda ham faol rivojlanmoqda. 2025-yilda esa tanlov tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkich qayd etilib, 6 mingta ariza topshirilgan.
Xususan, 2024-yil g‘olibi TASS Vision 2025-yilda 1,3 mln yevro miqdorida xalqaro investitsiya jalb qilib, 10 mamlakatda faoliyat yuritmoqda. Umumiy jalb qilingan investitsiyalar hajmi 2 mln dollardan oshgani qayd etildi.
Mutaxassislar fikricha, mukofot jamg‘armasining kengaytirilishi President Tech Award’ni texnologik loyihalarni rivojlantirish va global bozorga olib chiqish uchun muhim platforma sifatida yanada mustahkamlaydi.
2026-02-25