O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Surxondaryo viloyatidagi IT Park Uzbekistan filiali binosida yoshlar bilan ochiq uchrashuv o‘tkazdi. Muloqotda yosh tadbirkorlar, startap tashabbuskorlari hamda IT sohasiga qiziqayotgan yigit-qizlar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar sohani rivojlantirish, startaplarni qo‘llab-quvvatlash, grant va investitsiyalar olish imkoniyatlari, IT Park Uzbekistan rezidentligi shartlari, eksport bozorlariga chiqish va zamonaviy raqamli kasblarni egallash masalalari yuzasidan savollar berdi. Vazir ularga batafsil javob berib, davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

Alohida e’tibor hudud yoshlari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va loyihalarga qaratildi. Istiqbolli g‘oyalarni tizimli qo‘llab-quvvatlash, ularni mentorlik va inkubatsiya dasturlariga jalb etish, shuningdek, mahalliy IT-ishlanmalarni kengaytirish uchun zarur sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuvning ochiq formatda o‘tkazilgani ishtirokchilarga o‘z takliflarini bevosita bildirish va soha rahbariyatidan fikr-mulohaza olish imkonini berdi. Bunday uchrashuvlar IT Park Uzbekistan’ning hududlardagi rolini yanada mustahkamlab, yangi loyihalarni aniqlash hamda eksportga yo‘naltirilgan va mamlakatning texnologik rivojlanishiga xizmat qiladigan barqaror IT-ekotizimni shakllantirishga xizmat qiladi.
2026-03-02