27-oktabr kuni IT Park Uzbekistan davlat tashkilotlari, investitsiya tuzilmalari va xalqaro kompaniyalar vakillarini birlashtirgan “O‘zbekiston – Avstriya” biznes-forumida ishtirok etdi. Tadbirning asosiy yo‘nalishlaridan biri texnologik hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, xorijiy IT-kompaniyalarni jalb etish, raqamli xizmatlar eksportini kengaytirish va ikki mamlakat biznes vakillari o‘rtasida yangi sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yishdan iborat bo‘ldi.
Forumda O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi, Global Neighbours xalqaro tashkiloti, shuningdek, BrainsToVentures, ecotel communication, Tele Columbus va GOODRAM / Wilk Elektronik kompaniyalari vakillari qatnashdi. Dastur doirasida sohaviy taqdimotlar hamda B2B va G2B formatlarida ikki tomonlama muzokaralar tashkil etildi.
IT Park Uzbekistan eksportni rivojlantirish bo‘yicha direktori Jahongir Kagirov milliy IT-sanoatni rivojlantirishning eksportga yo‘naltirilgan modelini taqdim etib, O‘zbekistonning xalqaro texnologik va biznes xizmatlari bozoriga integratsiyalashuvi uchun mavjud shart-sharoitlarni yoritib berdi.
Taqdimotda eksportga yo‘naltirilgan loyihalarni malakali kadrlar bilan ta’minlash, infratuzilma salohiyati hamda xorijiy kompaniyalarni institutsional qo‘llab-quvvatlash mexanizmlariga e’tibor qaratildi. Xususan, IT Park Uzbekistan rezidentlik shartlari, amaldagi soliq imtiyozlari va mamlakat hududida IT-faoliyatni tashkil etish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, texnologik hamkorlikning ikki tomonlama xususiyati alohida ta’kidlandi. Bunda Avstriya kompaniyalarini O‘zbekistondagi loyihalarni amalga oshirishga jalb etish hamda mahalliy raqamli yechimlar yetkazib beruvchilarining Yevropa buyurtmachilari bilan hamkorligini kengaytirish masalalari ilgari surildi.
IT Park Uzbekistan uchun forumdagi ishtirok milliy IT-sanoatni Yevropa bozorida ilgari surish, eksport geografiyasini diversifikatsiya qilish, xalqaro shartnomaviy hamkorlikni rivojlantirish va xorijiy texnologik sheriklarni jalb etish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
2026-10-27