IT Park Uzbekistan Amerikaning Lincoln Labs texnologiya kompaniyasi va uning xalqaro biznes uchun IT mutaxassislarini izlash hamda ishga joylashtirishga ixtisoslashgan Truss loyihasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar O‘zbekistonda muhandislik jamoalarini shakllantirish, xalqaro miqyosda mutaxassislarni ishga yollash va Amerika kompaniyalari faoliyatini yanada kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Uchrashuvda IT Park Uzbekistan Eksportni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Azamat Rahmon-Zoda, global biznes xizmatlari (GBS) yo‘nalishi vakillari, Lincoln Labs vakili Erik Jiru hamda Truss vakili Ilhom Ikromov ishtirok etdi.
O‘zbekiston xalqaro mutaxassislarni ishga yollash uchun istiqbolli maydon sifatida
Muzokaralarning asosiy mavzularidan biri O‘zbekistonda Employer of Record (EOR) modelini qo‘llash imkoniyati bo‘ldi. Ushbu mexanizm kompaniyalarga mamlakatda alohida yuridik shaxs tashkil etmasdan, rasmiy ish beruvchi orqali mutaxassislarni ishga yollash imkonini beradi.
Tomonlar xorijiy mutaxassislarni jalb qilish, masofaviy bandlikni tashkil etish hamda O‘zbekistondan tashqarida ishlayotgan xodimlarga to‘lovlarni amalga oshirish kabi turli ishga yollash shakllarini ko‘rib chiqdilar. Shuningdek, mazkur modelni joriy etishning normativ-huquqiy jihatlariga, jumladan, Prezidentning 286-sonli farmoni qoidalariga alohida e’tibor qaratildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar Truss bilan EOR mexanizmini amaliyotda sinovdan o‘tkazishga qaratilgan pilot loyihani ishlab chiqish bo‘yicha keyingi qadamlarni belgilab oldilar.
Amerika biznesining O‘zbekistondagi faoliyatini kengaytirish istiqbollari
Lincoln Labs texnologik konsalting yo‘nalishini rivojlantirmoqda va yangi bozorlardagi imkoniyatlarni sinovdan o‘tkazish maqsadida kichik dasturchilar jamoasini shakllantirishni rejalashtirmoqda. O‘zbekiston ushbu tashabbusni amalga oshirish uchun potensial maydonlardan biri sifatida ko‘rib chiqilmoqda.
E’tiborlisi, Lincoln Labs asoschilaridan biri va texnologiyalar bo‘yicha direktori (CTO) Farrux Umarov asli o‘zbekistonlik. Bu Amerika texnologiya biznesi va mahalliy IT ekotizimi o‘rtasidagi professional aloqalarni rivojlantirish uchun qo‘shimcha asos yaratadi.
O‘z navbatida, Truss xalqaro kompaniyalarga muhandislarni izlash, ishga yollash va ularni mavjud jamoalarga integratsiya qilishda ko‘maklashadi.
Uchrashuv davomida IT Park Uzbekistan vakillari mamlakat IT ekotizimining salohiyati, rezident kompaniyalarning UFC, HBO va ESPN kabi xalqaro buyurtmachilar bilan ishlash tajribasi, shuningdek, xorijiy kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, jumladan, Softlanding dasturi haqida ma’lumot berdilar.
Pilot loyihani ishlab chiqish bilan bir qatorda, tomonlar Amerika bozorida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollarini ham muhokama qildilar. Xususan, Truss IT Park Uzbekistan’ga potensial xorijiy rezidentlar bilan aloqalar o‘rnatishda ko‘maklashish hamda Amerika kompaniyalarini O‘zbekistonda biznes yuritish imkoniyatlari bilan tanishtirishga tayyorligini bildirdi.
Lincoln Labs va Truss vakillari, shuningdek, 2027-yil bahorida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Offshore Outsourcing Tour tadbirida ishtirok etishga taklif qilindi. Muloqotni davom ettirish imkoniyatlari kelgusi xalqaro tadbirlar doirasida ham ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur hamkorlikning rivojlanishi O‘zbekistonga yangi texnologik kompaniyalarni jalb qilish, xalqaro ishga yollash imkoniyatlarini kengaytirish hamda mahalliy IT mutaxassislarini global muhandislik jamoalariga integratsiya qilish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.
2026-10-27