Samarqandda yoshlar uchun moʻljallangan ideaton oʻz nihoyasiga yetdi

IT Park YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori bilan birgalikda Samarqand viloyatida 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan tashabbuskor yoshlar uchun ideaton tashkil etdi.

Ideaton – g‘oyalar tanlovi bo‘lib, unda ishtirokchilar muayyan mavzu bo‘yicha loyiha g‘oyalarini ihtiro qiladilar, so‘ngra ularni hakamlar hay’atiga taqdim etib fikr-mulohazalarini tinglaydilar. 2 kun davom etgan tanlovda 90 dan ortiq kishi (erkaklar – 61 ta, ayollar – 29 ta) ishtirok etib, ular jami 25 ta jamoani tashkil etdi.

Jamoalar quyidagi yo‘nalishlarda bellashdilar:

  • sunʼiy intellekt;
  •  tibbiyot;
  •  energetika;
  •  qishloq va suv xoʻjaligi;
  •  qurilish;
  •  taʼlim;
  •  elektron hukumat;
  •  fintech;
  •  e-commerce.

Tanlov natijalariga ko‘ra quyidagi loyihalarni taqdim etgan jamoalar g‘olib boʻldi:

  • Uzbek Imo (Barot Turaxonov, Shoxzod Samariddinov, Ulugbek Asatullayev) — bu imo-ishora tili loyihasi boʻlib, alohida ehtiyojli odamlarga yordam berishga mo‘ljallangan boʻgʻinli alifboni oʻrganish uchun ta’lim platformasi hisoblanadi.
  • Boshpana (Shaxzod Toshboyev, Abdulaziz Abduxalil-zoda, Jaloliddin Murodullayev) — bu talabalarga marketpleysda arzon, xavfsiz va ixcham uy-joy qidirish imkoniyatini beruvchi, shuningdek, uy egalari va ijarachilarni ulashga xizmat qiluvchi platforma.
  • No Traffic Jam (Сардор Салимов, Озодхон Раббанакулов) — bu chorrahalarda tez-tez tirbandliklarning oldini olish va ularni kamaytirish hamda yo‘llarda inson omilini kamaytirish orqali tartibni saqlash loyihasi.

Ideatonning barcha ishtirokchilariga sertifikatlar topshirildi, g‘oliblar esa sertifikatlar bilan birga texnika ko‘rinishidagi qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadilar.

Tadbir YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori koʻmagida amalga oshirilayotgan inkubatsiya dasturi doirasida o‘tkazildi.

2022-12-20