Startaplar uchun yangi yo‘nalish: O‘zbekiston va Serbiya innovatsion ekotizimlarni birlashtirmoqda

O‘zbekiston startaplari Serbiya bozoriga chiqish va keyinchalik xalqaro miqyosda kengayish uchun yangi imkoniyatlarga ega bo‘ladi. O‘z navbatida, Serbiya texnologik kompaniyalari IT Park Uzbekistan bilan hamkorlik orqali O‘zbekiston bozorini o‘rganish va mahalliy innovatsion ekotizim bilan aloqalarni rivojlantirish imkoniyatidan foydalanishi mumkin.

2026-yil 7-sentabr kuni Belgradda IT Park Uzbekistan delegatsiyasi bosh direktor maslahatchisi Abdulahad Kuchkarov boshchiligida Serbiya Respublikasi Innovatsion jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Sasa Lazovic bilan uchrashdi.

Uchrashuv yakunida IT Park Uzbekistan va Serbiya Respublikasi Innovatsion jamg‘armasi o‘rtasida O‘zaro anglashuv memorandumi (MoU) imzolandi. Hujjat ikki mamlakat startap ekotizimlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish hamda O‘zbekiston va Serbiya startaplari, investorlar va rivojlanish institutlari o‘rtasida amaliy hamkorlik kanalini yaratishga qaratilgan.

Tomonlar startaplarning O‘zbekiston va Serbiya bozorlariga o‘zaro chiqishiga ko‘maklashish, ularning xalqaro miqyosda kengayishini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, texnologik tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha tajriba va samarali vositalar almashishni rejalashtirmoqda. Venchur kapitali sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va qo‘shma investitsiya tashabbuslari uchun imkoniyatlarni o‘rganishga alohida e’tibor qaratiladi.

Hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri O‘zbekiston imkoniyatlari haqida Serbiya startaplari va IT-kompaniyalari orasida xabardorlikni oshirish bo‘ladi. Hamkorlik, shuningdek, Land of Startups dasturining xalqaro qamrovini kengaytirish va Janubi-Sharqiy Yevropa innovatsion ekotizimi bilan doimiy hamkorlik kanallarini shakllantirish imkonini beradi.

Memorandum qo‘shma uchrashuvlar, seminarlar, tanishuv tashriflari va boshqa tadbirlarni o‘tkazishni nazarda tutadi. Bu ikki mamlakat startaplariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri biznes aloqalarini yo‘lga qo‘yish, yangi bozorlarni o‘rganish va keyingi rivojlanish uchun hamkorlar topishga yordam beradi.

Uchrashuv doirasida Serbiya Respublikasi Innovatsion jamg‘armasi rahbariyati ICT Week Uzbekistan tadbirida ishtirok etishga taklif qilindi va tadbirga qiziqish bildirdi.

O‘zaro anglashuv memorandumining imzolanishi IT Park Uzbekistan va Serbiya Respublikasi Innovatsion jamg‘armasi o‘rtasidagi institutsional muloqotdan tizimli amaliy hamkorlikka o‘tish, qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish hamda ikki mamlakat startaplari va texnologik kompaniyalari uchun yangi imkoniyatlar yaratish yo‘lidagi amaliy qadam bo‘ldi. 

2026-09-09