Sun’iy intellektdan raqamli infratuzilmagacha: IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi

2026-yil 18–22-oktabr kunlari IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov boshchiligidagi delegatsiya Koreya Respublikasiga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida delegatsiya Global AI & Digital Summit 2026 xalqaro sammitida qatnashdi hamda davlat tashkilotlari, Jahon banki va akademik hamjamiyat vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.

Tashrif davomida sun’iy intellekt, milliy ma’lumotlar infratuzilmasi, davlat boshqaruvini raqamlashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va xalqaro IT hamkorligini kengaytirish masalalariga e’tibor qaratildi.

Global AI & Digital Summit 2026: sun’iy intellekt bo‘yicha xalqaro muloqot

IT Park Uzbekistan delegatsiyasi Jahon banki guruhi va Koreya Respublikasi davlat tashkilotlari hamkorligida tashkil etilgan Global AI & Digital Summit 2026 xalqaro sammitida ishtirok etdi.

Sammitda sun’iy intellektni rivojlantirish va raqamli transformatsiya masalalari muhokama qilindi. Tadbir xalqaro tajriba bilan tanishish va O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirish uchun muhim bo‘lgan yo‘nalishlarni ko‘rib chiqish imkonini berdi.

Koreya Respublikasi Fan va AKT vazirligi bilan hamkorlik

Tashrif doirasida Koreya Respublikasi Fan va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari vazirligi (MSIT) rahbariyati bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda sun’iy intellekt, raqamli davlat boshqaruvi, IT ta’limi va ilmiy tadqiqotlar sohalarida hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston tomoni yosh mutaxassislarni tayyorlash, sun’iy intellekt bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarni oshirish, Yangi O‘zbekiston universiteti negizida Sun’iy intellekt institutini tashkil etish hamda ilmiy-tadqiqot markazini rivojlantirish rejalarini taqdim etdi.

Koreya tomoni universitetlar va ilmiy-tadqiqot muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash, davlat boshqaruvida sun’iy intellektdan foydalanish, raqamli davlat xizmatlarini takomillashtirish va kiberxavfsizlik bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yuzasidan tajriba almashishga qiziqish bildirdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar muloqotni davom ettirish va amaliy hamkorlik imkoniyatlarini o‘rganishga kelishib oldilar.

NIA: milliy ma’lumotlar platformasini rivojlantirish

Delegatsiya Koreya Respublikasi Milliy axborot jamiyati agentligi (NIA) rahbariyati bilan ham uchrashdi. Muzokaralarda O‘zbekistonda milliy ma’lumotlar platformasini yaratish va sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Tomonlar raqamli infratuzilmani rivojlantirish, davlat ma’lumotlarini boshqarish hamda sun’iy intellekt modellarini o‘qitish uchun ma’lumotlar to‘plamlarini shakllantirish bo‘yicha Koreya tajribasini muhokama qildilar.

Uchrashuv yakunida milliy ma’lumotlar platformasini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishni davom ettirish, jumladan, NIA tajribasini o‘rganishga bag‘ishlangan onlayn seminarlar tashkil etish yuzasidan kelishuvga erishildi.

Jahon banki: raqamli inklyuziya va inson kapitalini rivojlantirish

Jahon banki vakillari bilan uchrashuvda «O‘zbekistonda raqamli inklyuziya» loyihasining amalga oshirilishi muhokama qilindi. Loyiha aholining raqamli texnologiyalardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan.

Shuningdek, moslashuvchan ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda O‘zbekiston IT sohasini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish bo‘yicha tashabbuslar natijalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar loyiha ijrosini takomillashtirish va ekspertlar hamkorligini kengaytirish imkoniyatlarini ham muhokama qildilar.

Seoul National University: ilmiy tadqiqotlar va texnologik innovatsiyalar

Tashrif dasturida Koreya Respublikasining yetakchi ilmiy-tadqiqot universitetlaridan biri — Seoul National University (SNU) tajribasi bilan tanishish yo‘nalishi ham ko‘zda tutilgan edi.

Universitet muhandislik, sun’iy intellekt, kompyuter fanlari, biotexnologiya, yarimo‘tkazgichlar va boshqa ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha tadqiqotlar olib boradi.

SNU ilmiy-tadqiqot va innovatsion ekotizimi davlat tomonidan moliyalashtiriladigan 64 ta tadqiqot markazi, startaplarni qo‘llab-quvvatlash bo‘linmasi hamda universitet bilan bog‘liq startaplarga sarmoya kirituvchi SNU Technology Holdings kompaniyasini o‘z ichiga oladi.

Universitet davlat tashkilotlari, ilmiy-tadqiqot muassasalari, korporatsiyalar va xorijiy universitetlar bilan hamkorlik qiladi. Ushbu hamkorlik qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish va texnologiyalar transferini rivojlantirishga xizmat qiladi.

SNU tajribasi O‘zbekistonda ilmiy salohiyatni oshirish, malakali mutaxassislar tayyorlash hamda ilm-fan va texnologik biznes o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun muhim ahamiyatga ega.

Hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari

IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim muloqot maydoni bo‘ldi.

Davlat tashkilotlari, Jahon banki va akademik hamjamiyat vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda sun’iy intellekt, milliy ma’lumotlar infratuzilmasi, raqamli davlat boshqaruvi va mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni davom ettirish O‘zbekiston IT-ekotizimini rivojlantirish, xalqaro aloqalarni mustahkamlash va ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

2026-10-23