TruckTech Day konferensiyasi Toshkentda AI yechimlariga bag‘ishlandi

14-fevral kuni Raqamli texnologiyalar vazirligi konferensiya zalida yuk tashish va logistika sohasida sun’iy intellekt qo‘llanilishiga bag‘ishlangan TruckTech Day konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda 438 nafar ishtirokchi hamda 312 ta kompaniya vakillari qatnashdi.

Ayniqsa xalqaro ishtirok alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi — konferensiyada logistika sohasida faoliyat yurituvchi qariyb 42 ta xorijiy kompaniya ishtirok etdi. Xorijiy ishtirokchilar orasida Sharqiy Yevropa davlatlari, jumladan Serbiya va Moldova kompaniyalari ham bor edi. Sharqiy yevropalik biznes vakillari O‘zbekiston bozoriga nafaqat istiqbolli hamkorlik yo‘nalishi sifatida, balki operatsion ofislar ochish va mintaqaviy ishtirokni kengaytirish uchun platforma sifatida ham qiziqish bildirishdi.

Dastur doirasida yuk tashish jarayonining barcha asosiy bosqichlarida sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha amaliy keyslar taqdim etildi. Spikerlar yuk tashish sohasi uchun yangi AI mahsulotlarini namoyish etdi, bozor tahlili bilan o‘rtoqlashdi hamda avtopark boshqaruvi, dispetcherlik va operatsion jarayonlarga raqamli instrumentlarni joriy etish bo‘yicha amaliy tajribasini taqdim qildi.

AI texnologiyalarini joriy etishning amaliy samarasi alohida e’tiborga qaratildi — xarajatlarni kamaytirish, tashishlarni rejalashtirish aniqligini oshirish, xavf-xatarlarni minimallashtirish va logistika jarayonlarining shaffofligini ta’minlash kabi yo‘nalishlar muhokama qilindi. Shuningdek, transport sohasida innovatsiyalarni joriy etishda to‘siqlarni kamaytirishga qaratilgan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari hamda Zero Risk konsepsiyasi taqdim etildi.

“Scaling Trucking Businesses: People, Processes, and AI” mavzusidagi panel muhokamasida, moderator Ikboljon Isakov ishtirokida, transport kompaniyalarini masshtablash, AI ta’siri ostida biznes jarayonlarini transformatsiya qilish va xalqaro bozorlarga chiqish masalalari muhokama qilindi.

Xalqaro ishtirokchilar orasida Wersirius, AAM Network va RouteMate (Serbiya), RouteOne ELD (Moldova), shuningdek Loadex AI va Globe Transportation (Qirgʻiziston) kompaniyalari bor edi. Ular bilan bir qatorda DataTruck va Fleetmule tomonidan innovatsion mahalliy yechimlar namoyish etildi, bu esa hamkorlik geografiyasining kengayib borayotganini hamda xalqaro biznes vakillarining Oʻzbekiston logistika va texnologiya bozoriga qiziqishi ortib borayotganini taʼkidlaydi.

Shuningdek, O‘zbekistonda logistika ekotizimi faol rivojlanayotgani ta’kidlandi. Bugungi kunda 500 dan ortiq kompaniya texnologik park rezidenti sifatida logistika va turdosh sohalarda faoliyat yuritib, xalqaro hamkorlar uchun barqaror infratuzilmaviy va innovatsion baza yaratmoqda.

Konferensiya ishtirokchilari texnologik yechimlarni joriy etish bo‘yicha bevosita muhokama qilish, ishlab chiquvchilar va biznes vakillariga savollar berish hamda yangi ishbilarmonlik aloqalarini o‘rnatish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

TruckTech Day konferensiyasining o‘tkazilishi texnologik ekotizimni rivojlantirish va logistika hamda AI sohasida xalqaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ishlarning bir qismi bo‘ldi. Konferensiya xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotganini hamda mamlakatning texnologik va transport innovatsiyalari sohasida muloqot maydoni sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini namoyon etdi.

2026-02-14