Global Business Services Forum 2026 (GBSF 2026) doirasida IT Park Uzbekistan vakillari bosh direktor Azamat Karamatov boshchiligida texnologik yetakchilar va ekspertlarning global tarmog‘i bo‘lgan Uzbekistan Connect dasturi ishtirokchilari bilan strategik uchrashuv o‘tkazdi. Ushbu tarmoq yetakchi xalqaro kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan mutaxassislarni birlashtirib, investitsiyalarni jalb etish, tajriba almashish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali O‘zbekistonning raqamli ekotizimini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Uchrashuvda Yaponiya, Polsha, AQSH, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya va Germaniyadan Paidy, Citi Wealth, 1-800-Flowers.com, Salm Corp, Slaughter and May, Moneff va MN Capital Holding GmbH kabi yetakchi xalqaro kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.

"Uzbekistan Connect" dasturi mamlakatning raqamli ekotizimini jahon miqyosida targ‘ib qilishga tayyor bo‘lgan muvaffaqiyatli xalqaro mutaxassislarni birlashtiradi. Dastur ishtirokchilari xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish, investitsiyalarni jalb qilish va O‘zbekistonning texnologiyalar, innovatsiyalar va global biznes xizmatlarini rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalish sifatidagi mavqeini mustahkamlashga ko‘maklashadi.

Uchrashuv davomida IT-elchilar dasturini amalga oshirishning oraliq natijalari sarhisob qilindi, erishilgan natijalar muhokama qilindi va hamkorlikning yangi yo‘nalishlari belgilab olindi. Xalqaro texnologik hamjamiyatlar bilan hamkorlikni kengaytirish, o‘zbek startaplarining xorijiy bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalarni jalb qilish va global kompaniyalar bilan hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Ishtirokchilar, shuningdek, O‘zbekistonni Markaziy Osiyoning yetakchi texnologik va autsorsing markazlaridan biri sifatida targ‘ib qilishga qaratilgan qo‘shma xalqaro biznes missiyalari, sanoat tadbirlari va reklama kampaniyalarini o‘tkazish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.

IT Park Uzbekistan "Uzbekistan Connect" dasturi ishtirokchilarini bundan buyon ham qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tasdiqladi, ularga institutsional qo‘llab-quvvatlash, davlat organlari bilan hamkorlik qilish imkoniyatlari va mamlakatning raqamli iqtisodiyotini rivojlantirishga xizmat qiluvchi tashabbuslarni amalga oshirish uchun xalqaro platforma taqdim etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar "Uzbekistan Connect" global tarmog‘ini kengaytirishni davom ettirish hamda O‘zbekistonning jahon texnologik xaritasidagi o‘rnini mustahkamlash uchun dastur ishtirokchilarining xalqaro tajribasi va ishbilarmonlik aloqalaridan birgalikda foydalanishga kelishib oldilar.
2026-07-25