Uzbekistan Outsourcing Conference Yaponiya biznesining 200 dan ortiq vakilini to‘pladi

Yaponiya poytaxtida IT Park Uzbekistan tashabbusi bilan “Uzbekistan Outsourcing Conference” o‘tkazildi. Tadbir turli sohalarda faoliyat yuritayotgan Yaponiyaning yetakchi kompaniyalariga O‘zbekistonning axborot texnologiyalari va autsorsing sohasidagi salohiyatini namoyish etishga qaratildi.

Konferensiyada Yaponiyaning 160 tashkilotidan 200 dan ortiq vakil ishtirok etdi. 25 dan ortiq kompaniya O‘zbekiston IT-ekotizimini batafsil o‘rganish va hamkorlik imkoniyatlarini ko‘rib chiqishga qiziqish bildirdi.

O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov hamda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov ishtirokchilarga rasmiy tabrik yo‘llab, IT sohasidagi islohotlar, investitsiya muhitining jozibadorligi va O‘zbekiston-Yaponiya raqamli hamkorligining istiqbollari haqida so‘zlab berdilar.

Vazirning katta maslahatchisi Akihiro Sakurai O‘zbekistonning raqamli rivojlanish strategiyasini batafsil yoritib, yapon biznesi uchun ochilayotgan imkoniyatlarni ta’kidladi. IT Park alohida taqdimot o‘tkazib, rezidentlar uchun soliq va viza imtiyozlari, “Zero Risk” dasturi, shuningdek, mamlakatning axborot texnologiyalari sohasidagi kadrlar salohiyatini namoyish etdi.

Shuningdek, “JETRO” kompaniyasi vakili ma’ruza qilib, O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsion muhitini tavsifladi, “Digital Knowledge” kompaniyasi esa respublikada ta’lim biznesini yuritish bo‘yicha o‘zining ijobiy tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.

Tadbirning rasmiy qismini IT Park’ning IT-xizmatlar eksporti bo‘yicha direktori Mahliyo Muksinova yakunlab, O‘zbekistonning yuqori texnologiyalar sohasidagi ishonchli hamkor sifatidagi ahamiyatini ta’kidladi.

Konferensiya doirasida “Side International”, “CrossCat”, “Outsourcing Technology Inc.” va boshqa kompaniyalar vakillari bilan individual uchrashuvlar o‘tkazildi. Tadbirlar yakunida Yaponiyaning yirik korporatsiyalari — “Rakuten, “Mitsubishi Corporation”, “ULTRA X”, “Sojitz Corporation”, “Daiwa House Group”, “FPT Consulting Japan”, “NEC” va “Aioi Nissay Dowa Insurance” — joriy yilning 24-iyul kuni bo‘lib o‘tadigan “Global Business Services Forum”ga rasmiy taklifnomalar oldilar.

Tokioda “Uzbekistan Outsourcing Conference” tadbirining o‘tkazilishi O‘zbekistonni yangi IT va muhandislik autsorsing markazi sifatida targ‘ib qilish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi. Tadbir Yaponiya biznesi bilan bevosita muloqot o‘rnatish, istiqbolli aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mamlakatning xalqaro hamkorlikka ochiqligini namoyish etish imkonini berdi.

2025-05-15