29-sentabr kuni Vashingtondagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida ilk O‘zbekiston–AQSh transport-logistika forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan va O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ishtirokida tashkil etildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Furqat Sidiqov, IT Park Uzbekistan’ning Shimoliy Amerikada rivojlanish bo‘yicha direktori Ruslan Yapparov, rezidentlar bilan ishlash bo‘yicha direktor Lazizbek Xudayev, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasi ichki masalalar bo‘yicha maslahatchisi Abduhalim Xalilov, Zone-OH LLC bosh direktori Sherxonxo‘ja Imomxo‘jayev, Norbek & Partners LLC asoschi hamkori Suxrob Norbekov hamda ITF Group bosh direktori Saidazim Burxonxo‘jayev ishtirok etdi.
Forum transport-logistika sohasi, biznes, davlat organlari va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning 65 dan ortiq vakilini birlashtirdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida transport va logistika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, biznes xavfsizligi hamda operatsion xatarlarni boshqarish masalalarini muhokama qildilar.
Forum doirasida xalqaro transport-logistika va servis kompaniyalari uchun O‘zbekistonda mavjud imkoniyatlar, jumladan, amaldagi qo‘llab-quvvatlash mexanizmlari, kadrlar salohiyati va BPO yo‘nalishini rivojlantirish uchun yaratilgan sharoitlar taqdim etildi.
O‘zbekiston kompaniyalari AQSh transport-logistika sektori uchun dispetcherlik, buxgalteriya hisobi, avtoparkni boshqarish va xodimlarni tanlash kabi yo‘nalishlarda xizmatlar ko‘rsatib kelmoqda.
Bugungi kunda IT Park Uzbekistan’ning 550 dan ortiq rezidenti AQSh bozori bilan ishlamoqda.
AQSh transport-logistika sohasidagi dolzarb muammolarga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar firibgarlik bilan bog‘liq xavflar, biznesni himoya qilish, hodisalarga javob berish, shuningdek, kompaniyalarning davlat va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar bilan o‘zaro hamkorligi masalalarini ko‘rib chiqdilar.
Muhokamalar amaliy tajriba almashish va AQSh bozorida faoliyat yuritishda operatsion xatarlarni kamaytirishga xizmat qiluvchi mexanizmlarni aniqlashga qaratildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekistonda faoliyat boshlayotgan yoki o‘z faoliyatini kengaytirayotgan xalqaro kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Zero Risk dasturi ham taqdim etildi.
Dastur ofis infratuzilmasi va uskunalar bilan ta’minlash, mutaxassislarni tayyorlash va jalb etish, shuningdek, ish haqi xarajatlarining bir qismini qoplash bo‘yicha ko‘makni nazarda tutadi.
Ilk O‘zbekiston–AQSh transport-logistika forumining o‘tkazilishi ikki mamlakat soha vakillari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot uchun platforma yaratdi hamda hamkorlikning amaliy yo‘nalishlarini, jumladan, AQSh bozori bilan ishlash uchun O‘zbekistonda BPO va servis operatsiyalarini rivojlantirish imkoniyatlarini muhokama qilish imkonini berdi.
2026-10-02