IT Park Uzbekistan vakillari Virvance kompaniyasi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar Virvance biznesini O‘zbekistonga relokatsiya qilish imkoniyatlari hamda kelgusidagi hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi.
Virvance — biznesni qo‘llab-quvvatlashga ixtisoslashgan xalqaro konsalting kompaniyasi. Kompaniya yangi bozorlarga chiqish, litsenziyalash, shuningdek, biznes uchun operatsion va texnologik yechimlar ishlab chiqish xizmatlarini taqdim etadi.
Uchrashuv davomida delegatsiyaga IT Park Uzbekistan ekotizimi va xorijiy kompaniyalar uchun yaratilgan asosiy shart-sharoitlar taqdim etildi. Tomonlar soliq imtiyozlari, infratuzilma imkoniyatlari, shuningdek, biznesga O‘zbekiston bozoriga tezroq kirib borishga yordam beruvchi vositalarni muhokama qildi. Relokatsiya jarayonida ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralariga, jumladan, ma’muriy va tashkiliy masalalarda hamrohlik qilishga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, muzokaralar doirasida xorijiy mutaxassislar uchun ko‘chib kelishni soddalashtirishga qaratilgan IT Visa dasturi ham ko‘rib chiqildi. Uchrashuv ishtirokchilari mahalliy IT-kadrlarni jalb qilish imkoniyatlari va IT Park rezidentlari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Virvance vakillari O‘zbekistonga relokatsiya qilishga qiziqish bildirdi va hamkorlikning ehtimoliy formatlarini yanada chuqurroq o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik IT Park Uzbekistan’ning mintaqaviy texnologik hab sifatidagi pozitsiyasini mustahkamlashga, investitsiyalarni jalb etishga va axborot texnologiyalari sohasida yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qiladi.
2026-04-29