Xorazm viloyatida o‘tkazilgan “Tadbirkorlar kuni” doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park direksiyasi vakillari bilan rezident kompaniyalar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqotda mamlakatning turli hududlarida faoliyat yuritayotgan 25 nafar IT-biznes vakili, jumladan, East Games, Ershi Logistics, United Soft, BITO, shuningdek, Xorazm viloyatida faoliyat olib borayotgan MoveMe, KharezmiTech va Creative People kompaniyalari vakillari qatnashdi.
Uchrashuvning asosiy e’tibori hududlarda IT-biznes uchun yangi imkoniyatlar yaratish, kompaniyalarning eksport salohiyatini oshirish, yangi xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash hamda yuqori daromadli ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratildi.
Bugungi kunda Xorazm viloyatida 113 ta kompaniya IT Park rezidenti maqomiga ega. Ular dasturiy ta’minot ishlab chiqish, BPO va KPO, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, logistika, sun’iy intellekt, raqamli platformalar hamda boshqa IT-yo‘nalishlardagi loyihalarni rivojlantirmoqda.
Hududdagi mavjud rezidentlarning 20 dan ortig‘i eksport faoliyatini amalga oshirsa, 18 tasi BPO va KPO yo‘nalishlarida ish olib boradi, 17 tasi esa xorijiy kapital ishtirokidagi kompaniyalar hisoblanib, ularda 1200 dan ortiq mutaxassis o‘z faoliyatini yuritmoqda.
Hududdagi eksportga yo‘naltirilgan kompaniyalardan biri — MoveMe masofaviy xizmatlar, jumladan, ma’lumotlarni kiritish, boshqarish va qayta ishlash, HR jarayonlarini muvofiqlashtirish, moliyaviy va buxgalteriya tahlili hamda logistika xizmatlarini ko‘rsatadi. Kompaniya xizmatlarini AQSH bozoriga eksport qilmoqda.
Xorazmning yana bir texnologik kompaniyasi — KharezmiTech tomonidan ishlab chiqilgan SmartBuilding360 yechimi binolar, energiya iste’moli va to‘lovlarni raqamli boshqarish imkonini beradi. Loyiha xalqaro “Plug and Play” akseleratsiya dasturida ham ishtirok etgan.
Muloqot davomida kompaniyalarning mavjud eksport ko‘rsatkichlari va yangi bozorlarga chiqish rejalari atroflicha muhokama qilindi.
Xususan, IT-xizmatlar eksportini oshirish, xalqaro mijozlar bilan ishlash tajribasini hududiy kompaniyalarga yetkazish, BPO va KPO xizmatlarini rivojlantirish hamda yuqori qo‘shilgan qiymatga ega xizmatlar ulushini ko‘paytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kompaniyalar vakillari yangi xorijiy buyurtmachilarni jalb etish, eksport geografiyasini kengaytirish, jamoalarni ko‘paytirish va yangi xizmat yo‘nalishlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejalari bilan o‘rtoqlashdilar.
Uchrashuvning muhim mavzularidan yana biri IT-kompaniyalar faoliyatini hududlarda kengaytirish bo‘ldi. Kompaniyalarning Toshkentdan tashqari hududlarda yangi ofis va operatsion markazlarini tashkil etishi nafaqat IT-xizmatlar eksportini oshirish, balki mahalliy yoshlar uchun zamonaviy va yuqori daromadli ish o‘rinlarini yaratish imkonini beradi.
Shu nuqtayi nazardan, Xorazmda BPO va KPO xizmatlarini yanada rivojlantirish, xorijiy tillarni biladigan yoshlarni xalqaro loyihalarga jalb etish hamda mahalliy mutaxassislarning global kompaniyalarda O‘zbekistondan turib ishlashi uchun sharoitlarni kengaytirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida bildirilgan takliflarni tizimli ravishda o‘rganish, IT-kompaniyalarning eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda Xorazm viloyatining IT va autsorsing markazlaridan biri sifatidagi salohiyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish belgilandi.
2026-08-19