Yoxannesburgdan yangi hamkorliklar: IT Park Uzbekistan Janubiy Afrika bilan BPO va IT aloqalarini kengaytirmoqda

Janubiy Afrika Respublikasi BPO va Global Business Services (GBS) yo‘nalishida rivojlangan ekotizimga ega bozorlardan biri hisoblanadi. IT Park Uzbekistan delegatsiyasining Yohannesburgga tashrifi ushbu bozor bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kuchaytirish, mahalliy ekotizim tajribasini o‘rganish va O‘zbekistonni xalqaro IT hamda biznes xizmatlari uchun yangi lokatsiya sifatida taqdim etishga qaratildi.

22-sentabr kuni Yohannesburgda ilk “O‘zbekiston – Janubiy Afrika Respublikasi” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda ikki mamlakatning davlat tuzilmalari, biznes uyushmalari hamda 60 dan ortiq kompaniya va tashkilotlari ishtirok etdi. IT va raqamli xizmatlar esa ikki tomonlama hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tiborga tushdi.

Forum bilan bir qatorda, IT Park Uzbekistan Janubiy Afrikaning GBS/BPO ekotizimi, rivojlanish institutlari va texnologik kompaniyalari bilan qator maqsadli uchrashuvlar o‘tkazdi. Asosiy e’tibor kompaniyalarning O‘zbekistonda yangi operatsiyalarini yo‘lga qo‘yishi, mahalliy mutaxassislarni jalb qilishi va O‘zbekistonni xalqaro xizmat ko‘rsatish markazi sifatida ko‘rib chiqish imkoniyatlariga qaratildi.

Tashrifning asosiy uchrashuvlaridan biri Business Process Enabling South Africa (BPESA) bilan bo‘ldi. Janubiy Afrikaning GBS/BPO sohasi bo‘yicha milliy tarmoq tashkiloti bilan muloqotda xalqaro kompaniyalarni jalb qilish, yangi delivery-markazlarni ishga tushirish va sohani qo‘llab-quvvatlashda qo‘llanilayotgan mexanizmlar muhokama qilindi.

Ayniqsa, BPESA tajribasi bilan IT Park Uzbekistan’ning Softlanding va Zero Riskdasturlari o‘rtasidagi o‘xshash yondashuvlar ikki ekotizim o‘rtasida amaliy hamkorlik uchun yangi nuqtalarni ochdi. Tomonlar Janubiy Afrika GBS/BPO kompaniyalarining O‘zbekistonda faoliyat boshlash imkoniyatlarini birgalikda o‘rganish va BPESA’ning Keyptaundagi jamoasi bilan muloqotni davom ettirishga kelishib oldilar.

Yana bir muhim hamkorlik yo‘nalishi Gauteng Growth and Development Agency (GGDA) bilan shakllandi. Uchrashuv davomida Janubiy Afrika kompaniyalarini O‘zbekiston bozori va IT Park ekotizimi bilan bog‘lash, istiqbolli kompaniyalar bo‘yicha o‘zaro tavsiyalar almashish hamda yangi biznes aloqalarini shakllantirish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

GGDA IT Park Uzbekistan bilan muloqotni davom ettirish, tegishli mahalliy kompaniya va tashkilotlarga chiqishda ko‘maklashish hamda kelgusidagi qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga qiziqish bildirdi. Bu esa Gauteng mintaqasidagi texnologik va xizmat ko‘rsatish kompaniyalari bilan ishlash uchun qo‘shimcha kanal yaratadi.

Tashrifning yana bir yo‘nalishi davlat institutlari va startap ekotizimi bilan aloqalarni kengaytirish bo‘ldi. Janubiy Afrika Respublikasining Savdo, sanoat va raqobat departamenti (DTIC) bilan startaplarni ikki bozor o‘rtasida bog‘lash, istiqbolli loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ekotizimlararo hamkorlik formatlari yuzasidan fikr almashildi.

Xususiy sektor bilan uchrashuvlar esa bir nechta amaliy yo‘nalishlarni qamrab oldi. BPO, HR-outsourcing va biznes xizmatlari segmentidagi kompaniyalar O‘zbekistonning kadrlar salohiyati va yangi operatsiyalarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlariga qiziqish bildirdi. Cloud, AI, cybersecurity, software va digital transformation sohalaridagi kompaniyalar bilan texnologik xizmatlarni kengaytirish va yangi delivery-modellar muhokama qilindi. Ayrim kompaniyalar esa O‘zbekistonda back-office funksiyalarini tashkil etish, lokal jamoa shakllantirish va IT Park rezidentligi imkoniyatlarini o‘rganish bosqichiga o‘tdi.

Ushbu uchrashuvlarda GRIFFILEE PROMOTIONS, ITM Katope, AT Business Solutions, Encore Strategic Partners, 3 Worx IT va Matiwane Diplomatic Consultingkabi kompaniyalar ishtirok etdi.

Endi asosiy e’tibor shakllangan aloqalarni amaliy loyihalarga aylantirishga qaratiladi — Janubiy Afrika kompaniyalarini O‘zbekiston bilan bog‘lash, yangi delivery va back-office markazlarini jalb qilish hamda ikki mamlakatning IT va BPO ekotizimlari o‘rtasida barqaror biznes ko‘prigini shakllantirish. 

2026-09-28